Avvalroq mamlakatga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni tezlashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2024-yilning 1-martidan 2026-yilning 1-martigacha tadbirkorlar tomonidan mamlakatga olib kiriladigan o‘xshashi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojlaridan ozod etiladi.

Bunga quyidagilar kiradi:

  • mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari;
  • cho‘milish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, to‘lov-ma'lumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
  • turizm markazlaridagi zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi do‘konlari faoliyatini tashkil qilish uchun qurilish materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar;

Mo‘ynoq va Zomin aeroportlariga amalga oshiriluvchi parvozlar uchun 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lganlarga aviachiptalarni sotish 50% imtiyozli ta’riflar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bunda aviakompaniyalarning imtiyozli ta’riflar bo‘yicha xarajatlari byudjetdan qoplab berilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mehmonxona va turizm xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha davlat aktivlarini savdoga chiqarishda xarid to‘lovlarini, miqdoridan qat’i-nazar, 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Shuningdek, uch oydan ortiq muddat sotilmasdan turgan aktivlarning boshlang‘ich bahosini 30%gacha pasaytirish, zarur hollarda, balans qiymatida sotish choralari ko‘rib boriladi.

2023-yilning sentabrida Jizzax viloyatining Zomin tumani “Laylak uya” massivida joylashgan “Zomin” aeroporti foydalanishga topshirilgandi.