1-fevral kuni prezidentning raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror bilan raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yosh kadrlarning xorijiy tillarni bilish ko‘nikmalarini oshirish, IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash belgilanmoqda.

Joriy yilning 1-martidan nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur joriy etiladi.

Dastur orqali quyidagi tartibda subsidiyalar beriladi:

  • bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda — BHMning 75 baravarigacha (25,5 mln so‘m);
  • nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashganda — BHMning 105 baravarigacha (35,7 mln so‘m).

Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%gacha qismi qoplab beriladi. Ingliz tilida B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.

Subsidiya bitiruvchisi IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan o‘quv yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olgan hamda “IT Park” rezidenti bo‘lgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga ishga qabul qilingan xususiy markazlarga o‘rnatiladigan mezonlarga muvofiq ajratiladi.

Shuningdek, subsidiya olish hamda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish va sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona portal orqali bepul ko‘rsatiladi.

IT-o‘quv markazlari o‘quvchilarini ro‘yxatga olish, Yagona portal orqali kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish va natijalarini e’lon qilish Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Qaror bilan, respublika va hududlar kesimida nodavlat ta’lim tashkilotlarining onlayn tarzda yangilab boriladigan reytingi shakllantiriladi. Bu bo‘yicha vazirlikning maxsus axborot tizimi hamda saytida dastur doirasida modul ishga tushiriladi.

Shuningdek, har bir bitiruvchi uchun ajratiladigan subsidiya Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%gacha qismini va ingliz tilida B2 darajasiga ega bo‘lganlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Avvalroq prezident tomonidan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risida farmon qabul qilingandi.

2023-yilning may oyida qabul qilingan prezidentning tegishli farmoni bilan ingliz tilidan B2 darajasiga ega yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish belgilangandi. Undan keyin avgust oyida hukumatning mazkur tartibni nazarda tutuvchi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

“Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ning 50%gacha qismini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida videoqo‘llanma taqdim etgan.