Joriy yilning may oyida qabul qilingan prezidentning tegishli farmoni bilan ingliz tilidan B2 darajasiga ega yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish belgilangandi.

Bu bo‘yicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi hukumatning tegishli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabridan ingliz tilidan B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etilishi belgilanmoqda.

IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplash uchun arizalar Yagona portal orqali jo‘natiladi. Unda quyidagi hujjatlarni ilova qilish kerak:

  • xalqaro IT-sertifikat uchun to‘langan xarajatning to‘lov kvitansiyasi nusxasi (pdf formatda);
  • xalqaro IT-sertifikat nusxasi (pdf formatda);
  • ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajasiga egaligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat nusxasi (pdf formatda);
  • qoplanishi zarur bo‘lgan mablag‘lar qaysi hisobvaraqqa yo‘naltirilishi haqidagi ma’lumotlar.

Arizalar 5 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi hamda xalqaro IT-sertifikat bilan ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikati verifikatsiyadan o‘tkaziladi.

Agar arizachi oldin ham ingliz tili sertifikati bilan xalqaro IT-sertifikat xarajatlariga to‘liq kompensatsiya olgan bo‘lsa, qayta qoplab berilmaydi.

Biroq, ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha oldingi ko‘rsatkichga nisbatan yuqori ko‘rsatkich qayd etib, xalqaro IT-sertifikatning boshqa turini qo‘lga kiritsa, xarajatlar to‘liq to‘lab beriladi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni joriy yilning 6-sentabrigacha jo‘natish kerak.

Hozir IT-sertifikatlar olish uchun sarflangan xarajatlarning 50%igacha qismi qoplab beriladi. Bunda ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat talab etilmaydi.

“Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ning 50%gacha qismini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida videoqo‘llanma taqdim etgandi.

Buning uchun nima qilish kerak

Kompensatsiya olish uchun Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza jo‘natish zarur.

Bunda quyidagi hujjatlarni yuklash kerak bo‘ladi:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • xarajatlar kvitansiyasi;
  • IT-sertifikat nusxasi

Sertifikatlar berilgan sanasidan boshlab 180 kalendar kunidan oshmasligi lozim.

O‘zbekistonning IT-iste'dodlari” portalida kompensatsiya qilinadigan sertifikatlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ularga beriladigan kompensatsiya qiymatini aniqlash imkoni mavjud.

Hozir ro‘yxatda xalqaro tan olingan va talab yuqori bo‘lgan 212ta IT-sertifikatlar keltirilgan.

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, arizalarni havola orqali berish mumkin.