Hududiy elektr tarmoqlari biznes uchun elektr energiyasi iste’moliga 15% oldindan to‘lov tartibi yuzasidan izoh berdi. Kompaniya ushbu imkoniyat barcha tadbirkorlarga emas, balki belgilangan talablarga javob beradigan namunali iste’molchilarga taalluqli ekanini bildirdi.

Prezidentning 2026-yil 22-sentabrdagi farmoni (PF-202-son) bilan namunali iste’molchilar elektr energiyasi uchun to‘lovni 15% oldindan amalga oshirishi belgilangan.

Unga ko‘ra, namunali iste’molchi maqomiga ega yuridik shaxslar hisobot oyi uchun shartnomada belgilangan elektr energiyasi qiymatining 15% ini oy boshlanguniga qadar to‘laydi. Qolgan to‘lovlarni esa korxona elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, oy davomida ixtiyoriy ravishda qismlarga bo‘lib amalga oshirishi mumkin.

Mazkur tartibdan foydalanish uchun korxonalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) ulangan bo‘lishi;
  • masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisoblagich bilan ta’minlangan bo‘lishi;
  • elektr energiyasi uchun muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi;
  • elektr energiyasidan foydalanish va uni hisobga olish qoidalarini buzmagan bo‘lishi.

Shuningdek, oxirgi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan iste’molchilar ushbu tartibdan foydalana olmaydi.

Hududiy elektr tarmoqlari ma’lum qilishicha, 15% lik oldindan to‘lov tartibidan foydalanish huquqi EHNAT va hisob-kitob ma’lumotlari asosida avtomatik aniqlanadi. Buning uchun iste’molchilardan alohida murojaat yoki qo‘shimcha kelishuv talab etilmaydi. Tizimni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar to‘liq yakunlangan.

Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatlar belgilangan tartibda o‘rganilib, ularga huquqiy baho berilishini bildirdi.

Talablarga javob bersa-da, 15% lik oldindan to‘lov tartibidan foydalana olmayotgan tadbirkorlar 1154 raqami yoki HETning rasmiy kanallari orqali murojaat qilishi mumkin.

Kompaniya har bir murojaat alohida o‘rganilib, muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Joriy yilning 5-avgust kuni Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan hukumat komissiyasining ochiq muloqotida biznes uchun elektr energiyasiga to‘lanadigan oldindan to‘lovni ikki baravar kamaytirish taklif qilingandi.

18-avgust kuni Xivada bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida esa biznes vakillari uchun elektr va gazga oldindan to‘lov 15% ga tushirilishi ma’lum qilingandi.

Undan keyin Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni bilan 1-noyabrdan biznes elektr va gaz uchun 15% oldindan to‘lov qilishi mumkin bo‘ldi.