Prezidentning “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2024−2025 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
  • farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yig‘ma parametrlari;
  • “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri (Klaster) faoliyatini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Klaster hududida “Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etilib, unga qo‘shimcha 60 gektar yer maydoni ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, har yili 1-dekabrgacha tibbiyot muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj shakllantiriladi va internet saytida joylashtiriladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-martdan davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin bo‘lgan tizim joriy qilinadi.

Shu bilan birga, 2025-yil 1-yanvardan bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi.

2024-yil yakunigacha hududiy tibbiyot tashkilotlarining omborlari “Zarur saqlash amaliyoti — (GSP)” talablari asosida tashkil etiladi va termolabil dori vositalarini yetkazib berish uchun maxsus yuk tashuvchi avtotransport vositalari bilan ta’minlanadi.