Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-martidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etiladi.

Bunda yerlar elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga beriladi. Shu bilan birga, boshlang‘ich narx yerning normativ qiymati miqdorida belgilanadi.

Ularni ijaraga berish bo‘yicha onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer narxini 3 yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turgan fuqarolar uchun esa bu muddat 5 yilni tashkil etadi.

1-martdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin bo‘ladi.

2024-yil oxirigacha o‘z hududlarida yerga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, lekin amalda foydalanib kelinayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha yerlar bo‘yicha ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki yerni zaxiraga qaytarish choralari ko‘riladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari, Kadastr agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda martgacha 15 626,8 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerning elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi belgilanmoqda.

Bunda aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi, unumdorligi yuqori bo‘lgan, maydoni, qoida tariqasida, 5 gektardan yuqori konturlarni 1 gektargacha lotlarga bo‘lgan holda tanlanadi.

Ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va g‘olib aniqlanmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari 1-martdan avtomatik tarzda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

Bundan tashqari, garovga qo‘yuvchining yerga bo‘lgan huquqlar garovi bilan ta’minlangan majburiyati bajarilmaganda, yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda, ijara huquqini yer ijarasi shartnomasining qolgan davriga elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.

Avvalroq suv tejovchi texnologiyalar joriy qilgan fermerlarga soliq imtiyozlari berilishi ma’lum qilingandi. Bunday loyihalarni amalga oshirish uchun suvkredit.uz platformasi orqali 5 yil muddatga kreditlar ajratiladi.