16-fevral kuni mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-martigacha xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan $220 mln miqdoridagi mablag‘lar banklarga yo‘naltiriladi.

Bunda banklar tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4%) milliy valyutada quyidagi imtiyozli kreditlar ajratiladi:

  • oziq-ovqat yo‘nalishida mahsulot yetishtirishdan iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishga — 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • aylanma mablag‘lar uchun — 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan.

Joriy yilning 1-martidan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishga moliyaviy resurslar ajratiladi.

Bunda ular tomonidan amalga oshirilgan oxirgi 12 oy davomidagi eksport hajmidan kelib chiqib, 2 yil muddatgacha quyidagi tartibda taqdim etiladi:

  • $100 mingdan $1 mlngacha bo‘lganda — $100 minggacha;
  • $1 mlndan $2 mlngacha bo‘lganda — $1 mlngacha;
  • $2 mlndan $4 mlngacha bo‘lganda — $2 mlngacha;
  • $4 mlndan ortiq bo‘lganda — $3 mlngacha.

Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari va eksport qiluvchilar tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va do‘konlarini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga $50 minggacha mablag‘ni xorijiy hisob raqamlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi.

Bunda aholining barcha qatlamlari sog‘lom va faol hayot kechirishi uchun tabiiy, moliyaviy va moddiy resurslardan foydalanishning samarali iqtisodiy va ekologik boshqaruv tizimlarini joriy qilish strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

2025-yil yakunigacha oziq-ovqat xavfsizligi va iste’moli sohasida yaxlit idoralararo Milliy axborot platformasi ishlab chiqiladi.

U sohada salohiyatni barqaror rivojlantirish, xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoringini yuritish hamda xavf-xatarlar to‘g‘risida erta xabardor qilishni tashkil etadi.

Kelasi yilning 1-martigacha “Elektron agrosanoat bozori” axborot tizimi ishga tushirilib, Milliy axborot platformasi bilan integratsiyasi qilinadi.

Tizim qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda ularning bozordagi narx-navolari to‘g‘risida doimiy, ishonchli va aniq ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.

2023-yilning dekabrida asosiy mahsulotlar importiga bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2025-yilgacha uzaytirilgandi.

Avvalroq milliy valyutada eksport qiluvchi tadbirkorlarga ham QQSni qaytarish bo‘yicha imtiyoz berilishi haqida xabar berilgandi.