Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar narxlarini barqarorlashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan, 2022-yilning may oyidan joriy qilingan 22 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2025-yilning 1-yanvarigacha uzaytirildi.

Mazkur mahsulotlar quyida keltirilgan:

  1. yangi, sovutilgan, muzlatilgan yirik shoxli qoramollar, qo‘ylar, echkilar, otlar, xachirlarning iste’mol qilinadigan submahsulotlari;
  2. yangi baliq;
  3. quritilgan va tuzlangan baliq;
  4. baliq filesi;
  5. tuxum;
  6. shakar yoxud boshqa shirin ta’m beruvchi moddalar qo‘shilgan quyultirilgan sut va qaymoq;
  7. sariyog‘ va boshqa sutdan tayyorlangan yog‘lari;
  8. soya yog‘i;
  9. yong‘oq moyi;
  10. palma yog‘i;
  11. raps yoki xantal yog‘i;
  12. to‘liq yoki qisman qayta ishlangan boshqa yog‘lar, hayvonot yoki o‘simlik yog‘lari;
  13. margarin va hayvon va o‘simlik yog‘larining boshqa oziq-ovqat aralashmalari;
  14. banan, yangi yoki quritilgan plantaynlar;
  15. sitrus mevalari (limondan tashqari);
  16. kofe va qahva o‘rnini bosuvchi moddalar;
  17. bir martalik qadoqdagi choy (netto og‘irligi 3 kg.gacha);
  18. birlamchi qadoqdagi choyning boshqa turlari (netto og‘irligi 3 kg.gacha);
  19. solod ekstrakti, kakaosiz un, yorma, kraxmal yoki soloddan tayyorlangan mahsulotlar;
  20. tapioka va uning o‘rnini bosuvchi moddalar;
  21. qovurilgan, shishirilgan, qaynatilgan yorma shaklidagi donlardan tayyor mahsulotlar (makkajo‘xori donalaridan tashqari);
  22. xamirturush.

Shuningdek, xuddi shu sanagacha mart oyida joriy etilgan 36 turdagi tovar uchun bojxona imtiyozlari o‘z kuchida qoladi. Ular orasida sabzavot, go‘sht va baliq konservalari, kefir, tvorog, pishloq, don, dukkakli mahsulotlar, non, shokolad, shuningdek, parfyumeriya, dezodorantlar, bolalar kiyimlari va poyabzallari bor.

Bundan tashqari, 2024-yil boshidan yangi so‘yilgan, sovutilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlar (TIF TN kodi 0207), shuningdek kungaboqar, maxsar yoki paxta moyi va ularning fraksiyalarini mamlakatga olib kirishda bojxona to‘lovlari nolga tushiriladi.

Hukumat komissiyasiga fevralgacha shakar narxini barqaror ushlab turish chora-tadbirlari loyihasini ishlab chiqish topshirildi. 1-oktabrgacha oziq-ovqat mahsulotlariga imtiyozlarni yanada qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritilishi kerak.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistondan ayrim o‘simlik yog‘i eksportiga cheklovlarni yumshatishga qaratilgan qaror loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.