O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yildan nogironligi bo‘lganlarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida ularga shikast yetkazmasdan pandus, plintus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlari o‘rnatiladi. Shu bilan birga, ular to‘g‘risida Brayl alifbosidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.

Temir yo‘l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun sharoitlar, maxsus ko‘tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o‘rnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi bo‘lganlar uchun maxsus aravacha) qo‘yiladi.

2027-yilgacha Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan 1000 nafar shaxsga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining 50%i, biroq 500 ming so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, eshitish qobiliyatini yo‘qotgan nogironligi bo‘lganlar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

2024-yilning 1-aprelidan 2026-yilning 1-apreligacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga imkoniyati cheklanganlar uchun jihozlangan har bir maxsus xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:

  • yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 mln so‘m;
  • yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 mln so‘m.

Bunda subsidiyalar mehmonxonaning kamida 3ta xonasi nogironligi bo‘lganlar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlangan, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilgan taqdirda ajratiladi.

Qaror bilan nogironligi bo‘lganlar uchun to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturda 1-martdan nogironligi bo‘lganlar uchun “Uzbekistan.travel” yagona milliy turistik axborot portalidan foydalanish imkoniyatini yaratish hamda mamlakatning har bir hududida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun milliy hunarmandchilik terapiyasi faoliyatini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, avia, temir yo‘l hamda avtobus biletlarini xarid qilish bo‘yicha onlayn platformalarda eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lganlarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq e’lonlar uchun taktil hamda ovozli funksiyali displeylarni joriy qilinadi.

2023-yilning iyul oyida qabul qilingan prezident qarori bilan nogironligi bo‘lganlarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshirilishi belgilangan.

Avvalroq sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida, prezident topshirig‘iga asosan, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi. Xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni tezlashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.