Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni jadallashtirish va davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilishga qaratilgan prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yildan turoperatorlar tomonidan turistik oqim past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda $20dan $100gacha rag‘batlantiruvchi subsidiya ajratiladi;

Turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari bo‘yicha xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Bunda mamlakatda kamida 5 kecha tunab qolgan har bir turist uchun $20, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa $50 miqdorida teng ulushlarda ajratiladi.

Shuningdek, besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yilning yakunigacha foydalanishga topshirilsa, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarga qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:

  • 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun (60 ta xonadan kam bo‘lmagan) — 40 mln so‘m;
  • 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun (120 ta xonadan kam bo‘lmagan) — 65 mln so‘m.

2026-yilning oxirigacha dunyo mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil mobaynida quyidagi miqdorda qisman moliyalashtiriladi:

  • 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonaning har bitta xonasi uchun — yillik $200;
  • 4 yulduzli toifaga ega mehmonxonaning har bitta xonasi uchun — yillik $400;
  • 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonaning har bitta xonasi uchun — yillik $600.

2024-yildan nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.

2026-yilning 1-iyulgacha yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 km yoki qattiq qoplamali avtomobil yo‘llaridan 5 km uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va “safari” turizmi xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi bo‘yicha mol-mulkiga solinadigan soliq va ulardan olinadigan yer solig‘i stavkalari ulr bo‘yicha hisoblangan summaning 1%i miqdorida belgilanadi.

2023−2024 o‘quv yilidan har yili “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar hamda Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun 10 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘lar ajratib boriladi.

Joriy yilning 1-sentabridan quyidagi talablar bekor qilinadi:

  • turagentlarning elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo‘lishi;
  • turoperatorlarning elektron to‘lovlar xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unda 1-maydan 2024-yilning 1-iyuliga qadar tajriba tarzida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQSning 20% miqdoridagi mablag‘lar davlat budjetidan subsidiya sifatida qaytarilishi belgilangan.

2026-yil 1-maygacha mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga bojxona imtiyozi beriladi.