Mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, joriy yil uchun mahalliy aviaqatnov yo‘nalishlarini subsidiyalashga qo‘shimcha 30 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratish belgilanmoqda.

Turoperatorlarga subsidiya ajratiladi

1-maydan 2024-yilning 1-iyuliga qadar tajriba tarzida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQSning 20% miqdoridagi mablag‘lar davlat budjetidan subsidiya sifatida qaytariladi.

Bunda ular 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutuvchi turpaketlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar uchun subsidiya olishadi.

Shuningdek, joylashtirish, avtomobil yoki temir yo‘l transporti, ekskursiya va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar qamrab olingan.

Bojxona imtiyozi taqdim etiladi

2026-yil 1-maygacha mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga bojxona imtiyozi beriladi.

Bunda o‘z faoliyatida yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga 10 va undan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan transport vositalarini (TIF TN kodlari 8702 10, 8702 40, 8702 90) O‘zbekiston hududiga olib kirishda QQSni foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 12 oy muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Turizm targ‘ibotiga 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

O‘zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilishga joriy yilda 50 mlrd so‘m ajratildi.

1-iyungacha milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinadi.

Har yili davlat budjetidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi"ga o‘tkazib beriladi.

Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalarga bo‘lgan cheklovlar olib tashlanadi

“Samarqand” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi doirasida xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlarga bo‘lgan cheklovlar olib tashlanadi.

Shu bilan birga, “beshinchi havo erkinligi"ni qo‘llash, xorijiy davlatlarning aviatsiya ma’muriyatlari, chet el aviatashuvchilari bu haqda belgilangan tartibda xabardor qilinadi.

Toshkentdan beshta yo‘nalishga narxlar ikki baravarga arzonlashadi

1-maydan “Uzbekistan Airports” kompaniyasi bilan Farg‘ona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz — Nukus, Samarqand — Urganch, Buxoro — Urganch, Farg‘ona — Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflar joriy etiladi.

Yangi aviakompaniyalarga kvotalar ajratiladi

Yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalarning ajratilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, ularga xorijiy va xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalar ajratish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish hamda parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berish choralari ko‘riladi.

Aeroportlarni xususiylashtirish ishlari boshlanadi

2023-yil 1-oktabrga qadar Urganch va Buxoro aeroportlarining har biri bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha alohida tanlovlar e’lon qililinadi.

Yil yakuniga qadar Namangan aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.

Qamchiq dovoniga tur amalga oshiriladi

1-maydan boshlab yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Qamchiq dovoni orqali yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari 14 tagacha o‘rindiqqa ega bo‘lgan M2 toifadagi transport vositalariga;
  • Jizzax viloyatidagi dovonlar hamda Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida tegishli toifadagi yo‘llar orqali turistik avtobus va mikroavtobuslarga muntazam qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Bunda, faqat 1-apreldan 1-noyabrga qadar bo‘lgan davrda, quyidagi tartibda 7 yil stajga va avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish litsenziyasiga ega bor haydovchilar harakat amalga oshirishi mumkin:

  • kunduzi, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan;
  • gaz ballon uskunalari o‘rnatilmagan;
  • sekinlashtiruvchi uskunasi (tog‘ tormozi) mavjud bo‘lgan;
  • harakatni kuzatish navigatsiya qurilmasi va taxograf o‘rnatilgan.

Transport vositalarini xarid qilishga 300 mln so‘m yo‘naltiriladi

Joriy yil Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari 8 va undan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan transport vositalarini xarid qilish uchun 300 mln so‘mgacha ajratiladi.

Turizm sohasiga aylanma mablag‘lar va investitsiyani ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 mlrd so‘mlik kredit liniyalari ochiladi.

“Sayohat barcha uchun!” loyihasi amalga oshiriladi

Madaniyat va turizm vazirligining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etish maqsadida “Sayohat barcha uchun!” loyihasi amalga oshiriladi.

Mazkur loyiha doirasida 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sayohatini tashkil qilish hamda dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan turizmini rivojlantirish bo‘yicha videoselektorda ham mazkur masalalar ko‘rib chiqilgandi.