Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakat turizmini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” undagi muhim vazifa va topshiriqlarni bir joyga jamladi.


Yo‘l chiptalarini bron qilishda noaniqliklar ko‘p

2022-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga oshgan — 5,2 mln. Sohaning eksporti hajmi $1,6 mlrd.ni tashkil etadi.

Ichki turizm dasturlari doirasida 11,5 mln, shundan 1,5 mln ehtiyojmand aholi, yoshlar va keksalar sayohatlari tashkil etildi.

Joriy yilda viloyat hokimlari va elchilar 7 mln xorijiy va 15 mln ichki sayyohlarni jalb qilish, eksportni $2,5 mlrd.ga yetkazish ustida aniq reja va majburiyat bilan ishlashlari shartligi ta’kidlandi.

O‘rganishlar ko‘ra, turistlarni faol jalb qiladigan joylar haqida kontent kam, bori ham qiziqarli emas, sayyohlarni 4−5 kun olib qoladigan turpaketlar yetishmaydi.

Yo‘l chiptalarini 3−6 oy oldindan bron qilish, sotib olishda noaniqliklar juda ko‘p.

Muzey, teatr, madaniyat maskanlari turizm dasturlari bilan bog‘lanmagan, ularning ishlash vaqti ham sayyohlar talabidan kelib chiqmagan.

Prezident soha mutasaddilari shu va boshqa kamchiliklar bilan tizimli ishlamayotganini tanqid qilib, keskin o‘zgarish qilinishi zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.


Yangi qatnovlar uchun aviachipta xarajatlarining 25%iga subsidiya beriladi

Aviaqatnovlarda ichki reyslar taqchilligi kuzatilmoqda, temir yo‘lda haftasiga 68 ta qo‘shimcha qatnovga, 350 ta yangi vagonga talab bor.

Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan va Surxondaryoda sayyohlarga avtobus yetishmaydi.

Shu munosabat bilan fuqarolik aviatsiyasi rahbarlariga quyidagilar topshirildi:

  • yil yakuniga qadar 20 ta qo‘shimcha zamonaviy samolyotlarni olib kelib, milliy aviatsiya parkini 64 taga yetkazish;
  • aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 461 tadan 700 taga yetkazib, yillik yo‘lovchi tashishni 7,5 millionga olib chiqish;
  • 1 maydan boshlab vodiy — Urganch, vodiy — Termiz, vodiy — Buxoro, vodiy — Samarqand, Termiz — Nukus, Samarqand — Urganch, Buxoro — Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘yish.

Bunda, aviachipta xarajatlarining 25%iga subsidiya beriladi va bunga 60 mlrd so‘m ajratiladi.

Umuman, jami mahalliy reyslar soni 2 baravar oshirilib, 100 taga yetkazilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.


“Qamchiq” dovoni orqali turistik mikroavtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Temir yo‘l va avtotransport sohasida 1-iyungacha 34 ta elektrichka sotib olish bo‘yicha tenderlar yakunlanib, yil oxiriga qadar kamida 8 tasi olib kelinadi.

1-apreldan turoperator, mehmonxona va tashuvchilarga 10 va undan ortiq o‘rindiqli hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan avtotransportni olib kirishda bojxona imtiyozlari beriladi.

2023-yilda sayyohlik tashkilotlariga ushbu avtobuslarni olish uchun $30 mln kredit resurslari taklif qilinadi.

Shuningdek, 10-apreldan xavfsizlik choralarini ko‘rib, “Qamchiq” dovoni orqali turistik mikroavtobus (15 kishigacha), Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.


Sayyohlik kompaniyalari va mehmonxonalarga 300 mlrd so‘mlik kredit liniyalari ochiladi

Sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalarga aylanma va investitsiyani ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 mlrd so‘mlik kredit liniyalari ochiladi.

Bu kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismini Tadbirkorlik jamg‘armasidan qoplash tartibi joriy qilinadi.

Yig‘ilishda xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonda bir kun ko‘proq qolishi — yillik turizm eksportini $300 mln.ga oshirishi ta’kidlandi.

O‘tgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilindi.

Bu imkoniyatdan Forish, Urgut, Xo‘jayli, Payariq, Nurota tumanlari va Angren shahri samarali foydalangan.

Na temir yo‘li bor, infratuzilmasi rivojlanmagan, chekka hududda joylashgan bu tumanlarda shuncha o‘zgarish bo‘lib, sharoiti ancha yaxshi bo‘lgan Kogon, Kitob, Xatirchi, Qiziltepa, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Parkent, Bog‘ot tumanlari bu imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.


Turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

Yig‘ilishda turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlandi.

Viloyatlar ularga biriktirilgan 11 ta oliygoh bilan hamkorlikda ishlab, turizm obyektlari to‘g‘risidagi kontentni boyitishi lozim bo‘ladi. Ular:

  • 31 ta tuman va ulardagi 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik obyektlari kontentini yaratadi;
  • ular asosida kamida 12 ta tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi;
  • turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning kamida 2 oylik amaliyoti shu tumanlarda tashkil etiladi;
  • turizm va servis obyektlari ishchilarini o‘qitadi.

Natijaga qarab oliygoh o‘qituvchilari va talabalari rag‘batlantiriladi.


“O‘zbekiston tashrif qog‘ozi” ishlab chiqiladi

Toshkent, Jizzax viloyatlarida qishki mavsumda — tog‘ga chiqish, chang‘i uchish maydonlarini, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida yozgi mavsumda — cho‘milish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qo‘shish mumkin.

Shu sabab, tegishli vazirliklar va mutasaddilarga festival va madaniyat tadbirlarini ko‘paytirish, qishki, ekologik turizmni rivojlantirish, qo‘riqxona, tabiat bog‘lari va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ichki turizm bo‘yicha muallimlar va tibbiyot xodimlari uchun alohida dasturni tasdiqlab, ularning yurtimiz bo‘ylab sayohati va dam olishlarini tashkil qilishni boshlash topshirildi.

Bu yil mamlakatimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lishi kerakligi va buning uchun 100 mlrd so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, “O‘zbekiston tashrif qog‘ozi"ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xorijiy telekanallarda “O‘zbekiston tashrif qog‘ozi"ni efirga uzatish, AQSh, Xitoy, Arab davlatlari, Yaponiya, Koreya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning yirik shaharlari gavjum ko‘chalaridagi ekranlarda “O‘zbekiston turizm brendi” haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish, milliardlik obunachilari bor internet platformalarida O‘zbekiston haqidagi reklama roliklarini ko‘paytirish topshirildi.


Hududlarning “mavsumiy turistik paketi” tayyorlanadi

Yig‘ilishda viloyat hokimlari ham o‘zining hududini xorijda keng targ‘ib qilishga o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun viloyat hokimlari turoperatorlarni jalb etib, PR markazi filiallarini tashkil qiladi.

Shuningdek, viloyat hokimlariga quyidagi vazifalar topshirildi:

  • har bir viloyatning “tashrif qog‘ozi"ni ishlab chiqadi;
  • Toshkent shahri hamda hududlardagi aeroport, vokzallar va mehmonxonalarda “turizm bekatlari"ni tashkil qiladi;
  • har bir viloyatning o‘zi uchun xos bo‘lgan “mavsumiy turistik paketi"ni tayyorlaydi;
  • festival va konsertlar o‘tkazish grafigini tasdiqlab, nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar uchun ham e’lon qiladi.