17-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni faollashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Sayyohlarni ko‘proq va yil davomida jalb qilish maqsadda, prezident topshirig‘iga asosan, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, sayyohlik salohiyati yuqori bo‘lgan 12ta tuman va shaharda turizm markazlari tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bunday markazlarda uzluksiz ishlaydigan restoran, kafe, sog‘lomlashtirish va basseyn xizmatlari bo‘ladi.

“Zomin”, “Chimyon” va “Amirsoy” kabi kurort zonalari hamda ko‘ngilochar majmualarda xalqaro brendlar, milliy ipak matolari, suvenir, zargarlik mahsulotlari va oltin quymalar do‘konlari tashkil etiladi.

Buning uchun 2027-yilgacha turizm markazlaridagi tadbirkorlarning yer va mol-mulk solig‘ini belgilangan miqdordan 90%ga kamaytirish, 2026-yilning 1-martigacha zargarlik va oltin mahsulotlari uchun kerak bo‘ladigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni bojxona bojidan ozod qilish taklif etilmoqda.

Shuningdek, joriy yildan “O‘zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Bunda viloyatlararo turizm obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi “respublika turizm halqalari” hamda tuman va shaharlar o‘rtasida “hududiy turizm halqalari” tashkil etiladi. Turizm qo‘mitasi tomonidan Turistik yo‘nalishlarning yagona reyestri yuritiladi.

“To‘rt faslning har birida sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Masalan, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sog‘lomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va tog‘-chang‘i zonalarining imkoniyatlari targ‘ib qilinadi. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar tashkil etiladi.

Har ikki yilda may oyida mukofot jamg‘armasi $2 mln bo‘lgan Xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi o‘tkaziladi. Mamlakatning turizm salohiyatini xorijda targ‘ib qilish uchun Turizm qo‘mitasining “turizm vakillari” instituti joriy etiladi.

Shuningdek, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot turizmini rivojlantirish, turizm ta’limiga xalqaro tajribani joriy qilish choralari ko‘riladi.

Hududlarda kemping, o‘tov, ekouy va xostellar, mehmonxonalarda basseyn qurishga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlaridan ozod etiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ekoturizmni yanada keng rivojlantirish, nogironligi bo‘lganlar sayohati uchun ham zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Dekabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident mamlakat turizm salohiyatini samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar bergandi.

Sayyohlar uchun sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida yangi dam olish maskanlarini barpo etish belgilangan.

Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo‘ljallangan.

Yanvarda davlat rahbari savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda tarixiy shaharlardagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi.