Soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabinetidagi raqamli markirovka bilan bog‘liq Shubhali holatlar xizmati takomillashtirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Endilikda soliq to‘lovchilar axborot tizimi tomonidan avtomatik aniqlangan shubhali holatlarni shaxsiy kabinet orqali ko‘rishi va tahlil qilishi mumkin.

Shubhali bo‘limida quyidagi holatlar aks ettiriladi:

  • yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlar qoldig‘i;
  • dublikat markirovka kodlari orqali mahsulot realizatsiyasi;
  • korxonaga tegishli mahsulotning boshqa subyekt tomonidan realizatsiyasi;
  • kirimi mavjud bo‘lmagan mahsulotlar realizatsiyasi;
  • markirovkalanadigan tovarlarning markirovka kodisiz realizatsiyasi;
  • chakana savdoda 2D-skaner ulanmagan holda mahsulot realizatsiyasi;
  • Asl belgisi milliy axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan korxonalar haqidagi ma‘lumotlar.

Bundan tashqari, xizmatda yangi Validatsiya bo‘limi joriy etildi. Unda avval realizatsiya qilingan markirovka kodidan qayta foydalanishga urinish holatlari ishlab chiqaruvchilar kesimida avtomatik shakllantiriladi.

Shubhali holatlarni my.soliq.uz saytidagi Xizmatlar — Raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasi tizimi — Shubhali holatlar bo‘limi orqali ko‘rish mumkin.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, mazkur imkoniyat tadbirkorlarga xato va nomuvofiqliklarni tekshiruvgacha aniqlash va mustaqil bartaraf etish, kelgusida bunday kamchiliklarning oldini olish hamda ortiqcha vaqt va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.

Spot, avvalroq, suv va ichimliklarni markirovkalashning ikkinchi bosqichi 2027-yilga ko‘chirilgani haqida yozgandi.