O‘zbekistonda suv va ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalashning ikkinchi bosqichi bir yilga kechiktirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 19-maydagi qarorida aytilgan (hujjat tahririyat ixtiyorida mavjud).

“Gazlangan va gazlanmagan ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish uchun zarur texnik imkoniyatlar yaratilishini to‘liq ta’minlash maqsadida” tayyor mahsulotlarni agregatsiyalash tizimini joriy etish muddati bir yilga — 2026-yil 1-apreldan 2027-yil 1-aprelga ko‘chirildi.

Hukumat Soliq qo‘mitasiga Asl Belgisi (CRPT Turon) raqamli markirovkalash va kuzatish milliy axborot tizimi operatori bilan birgalikda suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash mexanizmlarini amalda qo‘llash bo‘yicha keng tushuntirish ishlarini olib borish vazifasini topshirdi.

Soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar ikki oy muddatda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov zimmasiga yuklatildi.

Suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiyani joriy etish muddati shu vaqtga qadar ikki marotaba kechiktirilgan. Dastlab u alyumin idishlardagi mahsulotlar uchun 2024-yilning 1-mayidan, boshqa turdagi idishlar uchun esa 1-noyabrdan boshlanishi kerak edi. 2025-yil may oyida tizimni joriy etish muddati 2026-yil aprelga ko‘chirildi.

Raqamli markirovkalash

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev majburiy raqamli markirovkalashning ikkinchi bosqichini yana kechiktirish va Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha jarimalarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Qaror biznes vakillarining murojaatlaridan so‘ng qabul qilindi — tahlillarga ko‘ra, bozorning 90% ini egallagan 10 ta yirik shisha suv ishlab chiqaruvchilarning yarmi birlashishga tayyor emas.

Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) ijrochi direktori Alfiya Musina yanvar oyida UzBev a’zolari nomidan prezident va biznes-ombudsmanga murojaat qilganini, chunki biznesda “ko‘p savollar va muammolar” to‘planib qolganini aytdi.

“Xususan, raqamli markirovka bo‘yicha hurmatli prezidentimizga murojaat yozdik. Raqamli markirovka bizga katta zarar yetkazdi. Ishlab chiqarish hajmi juda kamayib ketdi. Bu bizning daromadlarimiz va kayfiyatimizga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Bugun eng quvonchli kun, chunki prezidentimiz ijobiy hujjat chiqardi”, — dedi u.


Avvalroq Spot Biznes-ombudsman markirovka qoidabuzarliklari uchun jarimani qat’iy summada belgilashni taklif qilgani haqida yozgandi.