O‘zbekistonda markirovkalash talablarini buzganlik uchun javobgarlik yumshatilishi mumkin. Bu haqda 4-may kuni O‘zLiDeP tomonidan o‘tkazilgan Biznes klubning birinchi uchrashuvida ma’lum qilindi.
Muloqotda ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkor markirovka talablari kichik biznes uchun murakkabligini bildirib, uni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha vaqt berish va jarimalarni yengilllashtirishni so‘radi.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (biznes-ombudsman) Abdumannop Buriyev to‘g‘ri masala ko‘tarilganini, biroq, bozor tayyor emasligi sababli tizimni ishga tushirish muddati shu paytga qadar ikki marotaba kechiktirilganini ta’kidladi. Xususan, bu oxirgi marta 2025-yil may oyidan 2026-yil aprelga ko‘chirilgan edi.
Buriyev suv va salqin ichimliklarni majburiy markirovkalash tizimi butun zanjirni — ishlab chiqarishdan tortib to iste’molchigacha bo‘lgan jarayonni ko‘rish imkonini berishini qayd etdi. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatdagi suv ishlab chiqaruvchi 10 ta yirik tadbirkor bozorning 90%ini ta’minlaydi, shundan faqat 5 tasigina markirovkalashni yo‘lga qo‘ygan, qolgani esa jarayonni yakunlamagan.
Soliq kodeksining 227−1-moddasiga ko‘ra, tovar yoki mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish oxirgi chorakda olingan sof tushumning 2%i miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Huquqbuzarlik takror sodir etilsa, bu 20% ni tashkil etadi.
“Tasavvur qiling, tadbirkor 5−6 ta yo‘nalishda faoliyat yuritadi, masalan, mehmonxona yoki do‘kon ochgan. Agar do‘konda markirovka bo‘yicha kamchilik aniqlansa, uning butun aylanmasiga 2% jarima qo‘llaniladi. Biroq, bizda [jazoni] tadbirkor shug‘ullanayotgan yo‘nalishning faqat bittasiga qaratish yoki 2%, 20% jarima o‘rniga, qat’iy belgilangan summada jarima qo‘llash bo‘yicha takliflarimiz bor. Tadbirkorlarimiz ham o‘z takliflarini bildirishgan. Hozirda uni mamlakat bo‘yicha tahlil qilib, o‘rganib chiqyapmiz, undan keyin kiritamiz”, — dedi biznes-ombudsman.
O‘zLiDeP rahbari Aktam Xaitovning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi bilan tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llashdan oldin, ularni ogohlantirish tartibini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Chunki birdaniga katta jarima qo‘llash biznes faoliyatini cheklaydi. Markirovkalash tizimi esa tadbirkor himoyasi va bozorda sog‘lom raqobatni ta’minlash uchun zarur. “Halol ishlayotgan tadbirkorning eng katta kushandasi nosog‘lom raqobatga kirishgan tadbirkor bo‘ladi”, — dedi u.
Partiya raisi qonunbuzilishi aniqlangan taqdirda, tadbirkorga birinchi navbatda ogohlantirish berib, undan keyin jazo qo‘llash borasida takliflar ishlab chiqilayotganini ta’kidladi. Tizimni ishga tushirishda esa o‘tish davrini hisobga olish va yengillashtirilgan tizim yaratish nazarda tutilmoqda.
“Lekin qonun ustuvor bo‘ladi. Biz to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapmiz. Juda ko‘p tadbirkorlar buni qo‘llayapti va ularga asossiz jarimalar bo‘ladigan bo‘lsa, biz Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz”, — deya xulosa qildi Aktam Xaitov.
Ichimliklarni markirovkalash
Joriy yilning 1-aprelidan ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya joriy etildi. Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) Gazeta.uz'ga bergan izohida ushbu modelda “qator texnik va iqtisodiy ziddiyatlar borligi"ni, bu esa ishlab chiqarish hamda savdo hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.
Biznes vakillariga ko‘ra, tizim real distribyutsiya modelini inobatga olmaydi: yetkazib berishlar minglab kichik savdo nuqtalari orqali amalga oshiriladi, ko‘pincha qisman qaytarishlar va aralash partiyalar mavjud bo‘ladi. Bunday sharoitda kodlarni aniq yetkazib berishlarga qat’iy bog‘lash hatto qonuniy mahsulotlar savdosini ham bloklab qo‘yishi mumkin.
Kompaniya ta’kidlashicha, kichik do‘konlar va distribyutorlar hozircha smartfon orqali markirovkaning haqiqiy mahsulotga mosligini tekshirish imkonini beradigan vositalarga ega emas. Bu esa tovarni qabul qilish jarayonida xatolar xavfini oshiradi va savdo nuqtalari uchun qulay mobil ilova ishlab chiqishni talab qiladi.
UzBev tizimni joriy etishda o‘tish davrini belgilash, jarimalarni yumshatish hamda jarayonni avvalo yirik riteyllardan boshlashni taklif qilmoqda. Bu bozorga ortiqcha bosim tushishini va yashirin savdo hajmi oshishini oldini olishga yordam berishi mumkin.
Asl Belgisi ushbu bildirilgan xatarlar yuzasidan UzBev’ning murojaatiga javob berib, iqtisodiyot shaffofligi tamoyillarini birgalikda himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilishga chaqirdi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha jarimalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Uning aytishicha, agar 50 ta do‘konga ega brendning bir sotuvchisi fiskal chek bermasa, jarima butun tarmoqning choraklik sof tushumining 2% ini, takroriy qoidabuzarlikda esa 20% ini tashkil etadi. Jarima qo‘llanganda kompaniya 100% ehtimol bilan bankrot bo‘ladi va bu vaziyatdan chiqa olmaydi, dedi u.
Soliq organlari qadoqlangan suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiya joriy etilishi fonida biznesga nisbatan jarima qo‘llanmasligini va’da qilgan. Soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umurzoqov biznesning agregatsiyani kechiktirish haqidagi so‘roviga javoban, muddat allaqachon ikki marta — jami ikki yilga surilganini ta’kidladi.
“Biz 1-apreldan hech qanday chora ko‘rmaymiz, deyapmiz. Hech qanday [jazo] chorasini qo‘llamaymiz, lekin boshlab olaylik”, — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev esa xorijiy kompaniyalar bunday og‘zaki kelishuvlarga ishonmasligini bildirib, istalgan vaqtda sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligidan xavotir borligini qayd etdi. Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Kasimov jinoyatlarni yashirish uchun javobgarlik mavjudligini eslatib, biznes bilan ochiq ishlashga chaqirdi.
Avvalroq Spot oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha imtiyozli qarz berilishi haqida yozgan edi.

