Avvalroq prezidentning “Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2027-yildan har ikki yilda bir marta 12-avgust — Xalqaro yoshlar kuni arafasida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressi o‘tkaziladi.

2026-yildan har yili sentabr oyida DXSH shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik me’yorlar hamda xavfsizlikni ta’minlagan holda “Yoshlik — hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida umummilliy yoshlar festivali o‘tkazib boriladi.

2026−2027-yillarda har bir hududda bittadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chalarda kutubxona, “book cafe”, kitob do‘konlari joylashtiriladi.

Kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha ssuda ajratish choralari ko‘riladi. Bunda qarz mablag‘lari Markaziy bank asosiy stavkasining 50%i miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha beriladi.

Shuningdek, joriy yildan hududlarda ta’lim muassasasi, sport obyektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, ko‘ngilochar saylgoh va bog‘lardan iborat yoshlarga mo‘ljallangan infratuzilma obyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha minimal standartlar joriy etiladi.

Kitobxonlikni targ‘ib qilishga hissa qo‘shayotgan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish uchun “Ilg‘or ijodkor” prezident mukofoti joriy etiladi. She’riyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan eng yaxshi yozuvchi va shoirlar BHMning 200 baravari (82,4 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Joriy yilning fevral oyida o‘tkazilgan prezidentning yoshlar bilan muloqotida kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 7%li ssuda berilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar cheklanishi haqida xabar berilgandi.