Prezidentning “Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030” strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda uning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyulgacha nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi subyektlarning yuqori natijalarga erishgan o‘qituvchilari xorijiy ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuboriladi.

Olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish uchun foizsiz qarz (ssuda) ajratilgan va faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan subyektlarga BHMning 730 baravarigacha miqdorda (300 mln 760 ming so‘m) foizsiz qarz (ssuda) ajratib boriladi.

2027-yildan uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun belgilangan tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.

Quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:

  • ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
  • ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida so‘nggi 3 yilda mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud emasligi.

20-apreldan o‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyalariga arizalar qabuli boshlanishi haqida xabar berilgandi.

Pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining 25% qismi qoplab beriladi. Kredit tarixi esa dasturda ishtirok etuvchi bank talablari asosida baholanadi:

Ishtirokchilar kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lishi, oliy toifa yoki bosh o‘qituvchi lavozimida ishlashi hamda nomida ortiqcha ko‘chmas mulk bo‘lmasligi kerak.