17-aprel kuni prezidentning tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirishga qaratilgan farmoni (PF-63-son) qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan amaldagi funksiyalariga qo‘shimcha ravishda yangi imkoniyatlarga ega Yagona davlat nazorati axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Unda quyidagilar bo‘ladi:

  • tadbirkor faoliyat yuritadigan joydagi tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish va ularga murojaat qilish (chat) tizimini yaratish;
  • o‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish;
  • tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkorni xabardor qilish va boshqalar.

1-avgustdan boshlab Yagona davlat nazorati tizimida Biznes himoya QR-kodi joriy etiladi. U tadbirkorlar faoliyatidagi barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga oladi.

Shu bilan birga, nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari (davlat xizmatchisi) hamda tadbirkorlar o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni tizimda hisobga olinadi.

Avvalroq Spot moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlarning kredit to‘lovlari kechiktirilib, qarzdorligi restrukturizatsiya qilinishi haqida yozgan edi.