AQSHning Gap kiyim-kechak brendi asoschilaridan biri Doris Fisher vafot etdi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.

Nashr tomonidan qayd etilishicha, 94 yoshli Doris Fisher shanba kuni o‘z oilasi davrasida vafot etdi. Bu xabarni dushanba kuni Gap kompaniyasi vakili tasdiqladi. O‘lim sababiga aniqlik kiritilmagan.

Doris 1931-yilda tug‘ilgan, Stenford universitetini iqtisodiyot mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1969-yilda turmush o‘rtog‘i Donald o‘ziga mos jinsi shim topa olmagach, u bilan birgalikda Gap kompaniyasiga asos solgan.

U deyarli qirq yil davomida kompaniyada moda kiyimlari marketingi bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlagan, eri esa biznesning tijorat tomoni bilan shug‘ullangan.

Doris direktorlar kengashi tarkibida 2009-yilgacha — turmush o‘rtog‘i vafot etguniga qadar qolgan. Kompaniya tashkil etilganidan buyon kengayib, to‘rtta — Old Navy, Gap, Banana Republic va Athleta brendlarini o‘z ichiga oldi.

U dunyo bo‘ylab qariyb 3500 ta do‘konni boshqaradi. Yillik savdo hajmi taxminan $15 mlrdni tashkil etadi.

Fisher biznesdan tashqari xayriya ishlari va san’atni qo‘llab-quvvatlash bilan ham faol shug‘ullangan. Masalan, u turmush o‘rtog‘i bilan birga AQSHdagi eng yirik zamonaviy san’at asarlari shaxsiy kolleksiyalaridan birini to‘plagan.


Spot 2025-yilning 4-sentabrida Armani kompaniyasi asoschisi Jorjo Armani 91 yoshida vafot etgani haqida yozgandi.

Italiyalik modelyerning boyligi $9,5 mlrdni tashkil etadi. Armani aktivlarining bir qismi o‘z nomidagi jamg‘arma boshqaruviga o‘tadi, qolgan qismi esa oila a’zolariga meros qilib beriladi.