Qurilish korxonalarining soliq qarzi 2,56 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

1-iyun holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 964 tani tashkil etib, ularning jami qarzdorligi 2,56 trln so‘mga yetgan.

Jami qarzdorlikning 618,6 mlrd so‘mi yoki 24,1%i eng yirik soliq qarziga ega 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida eng katta soliq qarzi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxtdagi qurilish korxonalarining jami soliq qarzi 817,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (329,1 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (304,5 mlrd so‘m) qayd etilgan.

Soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari ro‘yxatida Aziya Invest Favorit (140,2 mlrd so‘m), Tash Constructions House (102,4 mlrd so‘m) hamda Oqbuloq Obod Guzari (92 mlrd so‘m) korxonalari birinchi uchlikdan joy olgan.

Shuningdek, ro‘yxatdan Tamirlash Qurish Servis (76,7 mlrd so‘m), Agro Asia Trade Servis (39,8 mlrd so‘m), Grand Road Tashkent (38,2 mlrd so‘m), Usta Obid Brend (37,9 mlrd so‘m), Oltin Baliq (33,2 mlrd so‘m), National Road Invest (29,4 mlrd so‘m) va DSK Binokor (28,8 mlrd so‘m) korxonalari ham o‘rin olgan.

Spot, avvalroq, Top-6 bloger budjetga qariyb 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani haqida yozgandi.