Top-6 blogerlar davlat budjetiga bir necha milliard so‘m soliq to‘lamagan. Bu haqda 8-iyun kuni blogerlik faoliyatida soliq ma’muriyatchiligiga bag‘ishlangan onlayn muloqotda so‘z yuritildi.

Soliq qo‘mitasi Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyotni monitoring qilish boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Kamola Ahmedjonova top-110 blogerlar faoliyati o‘rganilganini ma’lum qildi. Natijalarga ko‘ra, ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 22 nafari jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritmoqda. Ushbu blogerlar 2025-yilda 2,7 mlrd so‘m daromad deklaratsiya qilgan bo‘lsa, budjetga atigi 110 mln so‘m soliq to‘lagan.

“Biroq o‘rganishlar davomida 6 nafar top-blogerning reklama postlari va storislari hisoblab chiqilganda, davlat budjetiga 3,1 mlrd so‘mlik soliq to‘lanmagani aniqlandi”, — dedi u va bu summa mavjud ma’lumotlar asosida hisoblangan taxminiy ko‘rsatkich ekanligini ta’kidladi.

Kamola Axmedjanova blogerlik ham tadbirkorlik faoliyati ekanligini ta’kidlab, o‘zini o‘zi band qilganlar rasman ishchi yollay olmasligini eslatdi. “Ko‘pchiligingizning o‘z administratorlaringiz, reklama menejerlaringiz bor”, — deya qo‘shimcha qildi u.

blogerlar, soliq qo‘mitasi, soliqlar

Kamola Ahmedjonova (o‘ngda). Surat: skrinshot

Soliq qo‘mitasining Spot’ga ma’lum qilishicha, top-6 blogerning (ularning ro‘yxati ochiqlanmagan) har biri Instagram’da 3 mlndan ortiq obunachiga ega. Soliq organi hisob-kitoblariga ko‘ra, ular 2025-yilda 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan.

Ushbu faoliyatdan olingan daromad taxminan 26 mlrd so‘mga baholanib, undan 3,1 mlrd so‘m QQS to‘lanishi lozim bo‘lgan.

Fevral oyida Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi internetda faoliyat yurituvchi blogerlar va boshqa shaxslarning daromadlarini ustidan soliq nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Rossiya tajribasi bilan tanishdi. O‘shanda idora tajriba almashish eng yaxshi yechimlarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston soliq organlari faoliyatida qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish imkonini berishini ta’kidlagan edi.

Mart oyida esa blogerlar daromadlarini hisobga olish maqsadida onlayn reklamani markirovkalash tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda Soliq qo‘mitasi va Adliya vazirligi tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqmoqda.

May oyida Soliq qo‘mitasi blogerlar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning amaldagi faoliyati va huquqiy maqomi o‘rtasida nomuvofiqliklar mavjudligini bildirdi.

Soliq qo‘mitasining Spot’ga xabar berishicha, blogerlarga o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish uchun uch oy muhlat berilgan.

Avvalroq Spot soliq ilovasida keshbekni daraxt ekishga yo‘naltirish mumkinligi haqida yozgan edi.