Migratsiya agentligi matbuot xizmati agentlik rahbariyati va xodimlariga nisbatan tarqatilayotgan ma‘lumotlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ayrim Telegram-kanallarda agentlik rahbariyati hamda xodimlariga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan va bir tomonlama talqin qilingan ma‘lumotlar tarqatilmoqda.

Agentlik ma‘lumotiga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Tekshiruv natijalariga ko‘ra barcha holatlarga huquqiy baho beriladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, agentlik davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga oid ma‘lumotlarni baholashda faqat rasmiy manbalar hamda ishonchli dalillarga tayanishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, shaxsiy ma‘lumotlarni tarqatish, sha‘n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma‘lumotlarni e‘lon qilish, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

Migratsiya agentligi o‘z faoliyatini ochiqlik, qonuniylik va javobgarlik tamoyillari asosida davom ettirayotgani hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda holatlarga oydinlik kiritilishini ta‘minlashini ma‘lum qildi.

Joriy yilning may oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘ldi.

Shundan keyin Migratsiya agentligi sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovga xalqaro qidiruv e‘lon qilingandi. Tegishli kartochka Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida paydo bo‘ldi.

Iyun oyi boshida o‘nta hududda fuqarolarga Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangandi.

Keyinroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishda $296 ming miqdoridagi firibgarlik fosh qilingandi. Masalan, farg‘onalik fuqaro hibsga olinishidan avval ishga yuborishi evaziga $196 650 ni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Bir kun avval Migratsiya agentligi Farg‘ona filiali sobiq rahbari Koreyaga ishga yuborish uchun $90 ming olgani aytilgandi.


Spot, avvalroq, Viza Lab xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingani haqida yozgandi.