Bosh prokuratura huzuridagi Departament Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlanganini ma‘lum qildi.

Departament va Migratsiya agentligi komplayens xizmati hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlarda fuqarolarni Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, ulardan katta miqdorda pul olgan bir qator shaxslar fosh etilgan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida I.A. korxonasi rahbari 48 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, buning uchun jami $384 ming talab qilgan. U kelishilgan mablag‘ning $28,8 mingini olgan vaqtida aniqlangan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 5 mln so‘m qaytarilgan.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida esa fuqaro S.A. ikki kishini Migratsiya agentligidagi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishini aytib, ulardan jami $24 ming olgani aniqlangan.

Navoiy viloyatida fuqaro B.N. uch nafar fuqaroni Koreyaga yuborishni va‘da qilib, $22,2 mingni qo‘lga kiritgan.

Farg‘ona tumanida muqaddam sudlangan M.A. va fuqaro Sh.T. uch kishini Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, $22 ming olgani aniqlangan. Mablag‘ning $1,2 ming qismi qaytarilgan.

Qarshi shahrida fuqaro S.B. ikki kishidan Koreyaga ishga yuborish evaziga 21,5 mln so‘m va $600 olgan.

Buxoro viloyatining Jondor tumanida fuqaro K.Q. uch kishidan $19 ming olgani aniqlanib, mablag‘ hisobidan 2 mln so‘m qaytarilgan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida fuqaro X.Sh. ikki kishini Koreyaga yuborish va imtihondan o‘tkazishni va‘da qilib, $19 ming olgan.

Uchqo‘rg‘on tumanida fuqaro B.K. bir fuqarodan Koreyaga ishga yuborish evaziga $9 ming olgani aniqlangan.

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida fuqarolar N.R. va R.Q. Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, kelishilgan $12 mingning $6,6 mingini olgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 2 mln so‘m qaytarilgan.

Farg‘ona shahrida esa fuqaro M.F. ikki kishini Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, kelishilgan $20 mingning $6 mingini olgan. Mablag‘ning $200 qismi qaytarilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 25 va 211-moddalari (pora berishga suiqasd) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

May oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘lgan edi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik haydovchilar Yaponiyaga ishga qabul qilinayotgani haqida yozgandi.