O‘zbekistonlik haydovchilarni Yaponiyaga ishga yuborish bo‘yicha tanlov e‘lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur tanlov Migratsiya agentligi, Vatanparvar tashkiloti hamda Onodera User Run va Willer Express kompaniyalari hamkorligida tashkil qilinmoqda.
Dastur doirasida nomzodlar avtobus va yuk mashinalari haydovchisi sifatida ishga taklif etiladi. Tanlovda 21−38 yoshdagi, D, CE yoki BC toifasidagi haydovchilik guvohnomasiga ega fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
Nomzodning haydovchilik guvohnomasi olinganiga kamida 2,5 yil bo‘lgan bo‘lishi, shuningdek, guvohnoma olganidan keyin O‘zbekistonda kamida 3 oy yashagan bo‘lishi talab etiladi.
Nomzodlar uchun Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 2026-yil iyun oyidan boshlab 10 oylik bepul yapon tili hamda kasbiy tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi. Kurs davomida yotoqxona bepul taqdim etiladi.
Ma‘lum qilinishicha, dastlabki 8 oylik stajirovka davrida oylik maosh $1350−1450 ni tashkil etadi. Ish boshlaganidan keyin esa ustama va bonuslar bilan umumiy daromad $3000 gacha yetishi mumkin.
Ish beruvchi tomonidan ishchi viza, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta hamda turar joy xarajatlari qoplab beriladi. Tanlov onlayn shaklda o‘tkaziladi.
Joriy yilnig aprelida o‘zbekistonlik avtobus haydovchilar Yaponiyaga ishga yuborilishi aytilgandi. Toshkentda o‘quv poligoni qurilib, amaliyot uchun o‘ng boshqaruvli avtobuslar olib kelinadi.
May oyi boshida o‘zbekistonlik xotin-qizlar Yaponiyada parvarishlash sohasida ishga taklif qilingandi.
Spot, avvalroq, Qatar Airways O‘zbekistondan 1600 dan ortiq mutaxassisni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.