Turli hududlarda Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlanib, gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Aniqlanishicha, Migratsiya agentligining Farg‘ona viloyati filiali sobiq rahbari B.X. 8 nafar fuqaroni imtihonlardan o‘tkazib, Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib, ulardan jami $90 ming olgan.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida fuqarolar S.A. va Sh.X. 22 kishini Koreyaga ishga yuborishni aytib, $34,2 ming hamda 79,3 mln so‘mni qo‘lga kiritgan.

Jizzax viloyatida muqaddam sudlangan fuqaro I.A. 6 kishining ishonchiga kirib, ularni Koreyaga yuborish evaziga $32,25 ming olgani aniqlangan. Guliston shahrida esa fuqaro X.X. 6 nafar fuqarodan jami $19 ming olgan. Ushbu mablag‘larning bir qismi jabrlanuvchilarga qaytarilgan.

Shuningdek, Samarqand shahrida fuqaro Z.M. bir fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilib $12,5 ming, Farg‘ona tumanida esa fuqaro A.K. Migratsiya agentligidagi tanishlari orqali ishga yuborishini aytib $10 ming olgan.

Yana bir qator holatlarda Jizzax viloyati, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani hamda Jizzaxning Forish tumanida fuqarolardan $4 mingdan $7 minggacha mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan olingani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning may oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘ldi.

Iyun oyi boshida o‘nta hududda fuqarolarga Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangandi.

Keyinroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishda $296 ming miqdoridagi firibgarlik fosh qilingandi. Masalan, farg‘onalik fuqaro hibsga olinishidan avval ishga yuborishi evaziga $196 650 ni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik shifokorlar Italiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.