Migratsiya agentligi Italiyaning Sardiniya hududidagi tibbiyot muassasalari uchun o‘zbekistonlik shifokorlarni ishga jalb qilish dasturini e‘lon qildi.
Dastur doirasida yiliga 150 nafar shifokorni ish bilan ta‘minlash rejalashtirilgan.
Nomzodlar uchun Italiyaning Perugia universiteti hamkorligida 7 oylik onlayn italyan tili kurslari tashkil etiladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislar Sardiniyadagi tibbiyot muassasalarida ish boshlashi mumkin.
Tanlovda pediatr, nevrolog, diabetolog, pulmonolog, gastroenterolog, shoshilinch tibbiy yordam shifokori hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlardan oliy tibbiy ma‘lumotga ega bo‘lish talab etiladi, ish tajribasi esa ustunlik sifatida baholanadi.
Dastur ishtirokchilari oyiga 3,5 ming yevrogacha bo‘lgan maosh bilan ish boshlaydi. Qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchiliklar uchun to‘lanadigan ustamalar hisobiga daromad 4−5 ming yevrogacha yetishi mumkin.
Ish haftasiga 38 soatni tashkil etadi. Ish beruvchi tomonidan turar joy xarajatlari qoplanadi, tushlik hamda tibbiy sug‘urta bilan ta‘minlanadi.
Tanlovda 50 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar qatnashishi mumkin. Bunda 40 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.
Nomzodlar Migratsiya agentligining Xorijda ish platformasida rezyume (CV) to‘ldirganlar orasidan saralab olinadi.
Qo‘shimcha ma‘lumotlarni Migratsiya agentligining 71 202−33−55 telefon raqami orqali olish mumkin.
O‘tgan yilning oktyabrida Italiya O‘zbekistondan 3500 nafar o‘rta tibbiyot xodimini ishga olishi aytilgandi. Sinov dasturi doirasida 10 kishidan iborat birinchi guruh ishga jo‘nab ketgandi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Qatarga ishga taklif etilayotgani haqida yozgandi.