O‘zbekistonlik farmatsevtika xodimlari Qatarga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Mamlakatda yiliga 100 nafar farmasevtika xodimiga ehtiyoj mavjud. Fuqarolar ushbu yo‘nalishdagi ishlarda kuniga 7 soat ishlashlari mumkin. Ish haqi — $2000 gacha (qo‘lga tegishi).

Ish beruvchi ishchi viza, O‘zbekiston-Qatar aviachiptasi, tibbiy sug‘urta, aeroport transferi, turar joy hamda ichki transport xarajatlarini qoplaydi.

Nomzodlar esa oziq-ovqat xarajatlarini o‘zlari qoplashlariga kerak. Bu oyiga taxminan $150−200 ni tashkil etadi.

Ariza topshirish istagida bo‘lganlar 22−55 yoshda, farmasevtika bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumot hamda kamida 1 yillik ish tajribasi ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, ulardan ingliz tilini muloqot darajasida bilish hamda Qatarda ishlashga tayyorgarlik talab qilinadi.

Talabgorlar Migratsiya agentligining Xorijda ish platformasi orqali CV to‘ldirishlari mumkin. Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202 33 55 (501) raqami orqali olish imkoniyati mavjud.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya ilk bor migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi bitimni imzolagani haqida yozgan edi. Tomonlar viza olish tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishdi.