10-iyun kuni O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida ilk bor migratsiya sohasida ikkita hujjat imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv Shvetsiya Qirolligi hukumati bilan migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi bitim hamda bu borada pilot dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi qo‘shma ahdlashuv deklaratsiyasini o‘z ichiga oladi.

Xususan, bitim O‘zbekiston fuqarolariga Shvetsiyada rasmiy ishlash, o‘qish va yashash imkonini beruvchi davlat tomonidan kafolatlangan yagona huquqiy mexanizm hisoblanadi. Hujjat mehnat mobilligi, akademik hamkorlik, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va qaytarish tartiblarini tartibga soladi.

Tibbiyot, texnika, xizmat ko‘rsatish va parvarishlash sohalarida malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi. Tomonlar ishga joylashish tartiblari bo‘yicha ma’lumot almashadi, nomzodlarni shved ish beruvchilar bilan bog‘lash uchun raqamli platformalar va axborot kampaniyalarini yo‘lga qo‘yadi.

Bundan tashqari, Shvetsiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilinadi. Unga ko‘ra, mehnat sharoitlari, ish haqi va ijtimoiy ta’minot Shvetsiya qonunchiligi asosida ta’minlanadi, kasallik, homiladorlik va boshqa holatlarda ijtimoiy ta’minot qoidalari belgilanadi.

Shvetsiyada tahsil oluvchi talabalar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun ham imkoniyatlar yaratiladi. Tomonlar stipendiya va akademik almashuv dasturlarini kengaytirish, kasbiy ta’lim, shved tili hamda mehnat xavfsizligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini rivojlantirishga kelishdi.

Tomonlar turli viza toifalarini berish va bo‘lish muddatini soddalashtirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishdi. Alohida bitimga ko‘ra, diplomatik pasport egalari uchun 30 kungacha vizasiz kirish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, hujjat noqonuniy migratsiya, odam savdosi va hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi hamkorlikni ham nazarda tutadi. Bitim ijrosini nazorat qilish va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston va Shvetsiya vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tashkil etiladi.

Bitim bilan birga imzolangan qo‘shma ahdlashuv deklaratsiyasi uning amaliy ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Hujjatga ko‘ra, Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) hamkorligida mehnat mobilligi va akademik almashinuv bo‘yicha pilot loyiha amalga oshiriladi.

Deklaratsiya doirasida Shvetsiya mehnat bozori ehtiyojlari va O‘zbekistonning malakali kadrlar salohiyati o‘rganilib, til o‘qitish, kasbiy tayyorgarlik hamda ishga joylashtirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi. Dastur natijalari bir yil davomida baholanib, keyinchalik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Avvalroq Spot Germaniya o‘zbekistonliklar uchun viza olishdagi muammolarni o‘rganishi haqida yozgan edi.