Germaniya o‘zbekistonliklar uchun ishlash vizasini olishdagi muammolarni o‘rganadi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Frankfurt-Mayn shahri Savdo-sanoat palatasida fuqarolarni Germaniya mehnat bozoriga tartibli va xavfsiz jalb etishni kengaytirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Unda Germaniya tomonidan Savdo-sanoat palatasi hamda yirik xizmat ko‘rsatish kompaniyasi WISAG rahbariyati, O‘zbekiston tomonidan esa Migratsiya agentligining Germaniyadagi vakili Gulnora Salimova va vitse-konsul Bekzod Abdullayev ishtirok etdi.
Muloqotda O‘zbekistonda kadrlarni Germaniya mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash, til o‘rgatish va tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
WISAG vakili Neboysha Biskup hozirgi kunda nemis korxonalarida muvaffaqiyatli mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik ishchilarning malakasi, odobi va intizomiga yuqori baho berib, hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda mutaxassislarga Germaniya vizasini rasmiylashtirish jarayoni uzoq vaqt olayotgani va bu holat ish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilib, palata vakillari muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida nemis tilini o‘zlashtirgan o‘zbekistonlik mutaxassislar haqidagi ma’lumotlarni xorijiy hamkorlarga taqdim etish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.
Shuningdek, nemis tomoni fuqarolarga Germaniya vizasini rasmiylashtirishda yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni o‘rganib, ularni hal etish choralarini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot TIV O‘zbekistonda YI migrantlarni qaytarish markazlarini tashkil etishi haqidagi xabarni rad etgani haqida yozgan edi.