Yevropa Ittifoqi mamlakatlari guruhi ittifoqdan tashqaridagi 8−10 davlatga boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun markazlarni o‘z hududlarida joylashtirish taklifi bilan murojaat qilish niyatida. Bu haqda 1-iyun kuni Politico nashri nomi oshkor etilmagan uchta yevropalik diplomatga tayanib xabar berdi.

Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya Yevropa Ittifoqidan tashqarida qo‘shma qaytish markazlari (return hubs) va boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqish markazlarini tashkil etish ustida ishlamoqda.

Buning evaziga loyihada ishtirok etishga rozi bo‘lgan mamlakatlarga rivojlanish yoki viza rejimini liberallashtirishda yordam taklif qilishlari mumkin.

Diplomatlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston potensial hamkorlar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

1-iyun kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yerlan Jetibayev brifingda viza rejimini soddalashtirish evaziga Yevropa Ittifoqidan boshpana olmagan muhojirlar uchun mamlakatda maxsus markazlar tashkil etish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib borilmayotganini ma’lum qildi, deb yozadi TACC.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Qozog‘iston Yevropa tomoni bilan viza talablarini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda hamda mamlakatdan noqonuniy chiqib ketgan fuqarolarni qaytarishni nazarda tutuvchi readmissiya bitimini muhokama qilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqidan chiqarib yuborilayotgan migrantlar uchun markazlarni joylashtirish rejalari haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Hozirda ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha Yevropa Ittifoqi muassasalari bilan muzokaralar olib borilmayapti va rejalashtirilmagan”, — deyiladi TIV xabarida.

2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi.

Tomonlar mehnat faoliyati, o‘qish uchun kelayotgan fuqarolar, yuk mashinalari haydovchilari va sayyohlik guruhlari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.


Avvalroq Spot Rossiyada 1-martdan mehnat migrantlarni ishdan bo‘shatish asoslari kengaytirilishi haqida yozgandi.

Mintaqada chet el ishchi kuchini jalb qilishga cheklovlar kiritilganda, ish beruvchilar qonuniy ravishda migrantlarni ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘ladi.