Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga yuborishda yana 8 ta firibgarlik holati fosh etilganini ma’lum qildi.

Xususan, Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida fuqaro A.R. Sh.F.ni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali ishga joylashtirishga yordam berishni va’da qilib, $10 250 olgan. IIBB va boshqa huquq-tartibot idoralari tezkor xodimlari uni $5000 ni olgan vaqtida qo‘lga olishdi.

Farg‘ona viloyatida muqaddam sudlangan D.R. 10 nafar fuqarodan Koreyaga ishlash va o‘qishga yuborishda yordam berish evaziga $55 ming talab qilgan. U jinoyat ustida $4000 olayotganda qo‘lga olingan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.R. yana 46 nafar fuqarodan Koreyaga yuborishi evaziga $196 650 ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Farg‘ona viloyatida yashovchi yana bir fuqaro ikki nafar fuqaroga Koreyada $9600 evaziga o‘qishga yordam berishni taklif qilgan. Gumonlanuvchi uchinchi shaxs orqali $600 miqdoridagi avans pulini olgan vaqtida ushlangan.

Samarqand viloyatidan J.X. ikki kishiga Koreya ishchi vizalarini rasmiylashtirishda yordam berishni va’da qilib, o‘z xizmatlarini $12 mingga baholagan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari uni $3000 naqd pul olayotgan vaqtida qo‘lga olishdi.

Shunga o‘xshash holat Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida ham aniqlangan bo‘lib, fuqaro M.O. tanishlari orqali ish vizasi olishda yordam berish evaziga $6000 talab qilgan. Shuningdek, u departament va boshqa organlar ishtirokida $3000 olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyatida muqaddam sudlangan Sh.B. M.X.ni $4000 evaziga sport vizasi bo‘yicha Koreyaga ishlashga yuborishni va’da qilgan. U $1300 va 2,4 mln so‘m (joriy kurs bo‘yicha taxminan $200 — Spot) olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, shu hududda yashovchi fuqaro N.T. Z.Yu.ga Migratsiya agentligidagi tanishlari orqali ishga yuborishni taklif qilgan. U jabrlanuvchidan olgan $1900 va 1,2 mln so‘m (~ $100) bilan qo‘lga olingan.

Navoiy viloyati Konimex tumanida fuqaro A.I. xuddi shunday taklif bilan M.T.ga murojaat qilgan.

Ushbu epizodlar bo‘yicha firibgarliklarning umumiy summasi $296 mingdan oshadi, deyiladi xabarda. Barcha gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

May oyida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga jo‘natish bilan bog‘liq $90 mlnlik jinoiy sxema fosh etilgani haqida xabar bergandi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, unda rekruting firmalari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (hozirgi Migratsiya agentligi) xodimlari ishtirok etgan.

O‘shanda O‘zbekiston agentlikning Janubiy Koreya vakolatxonasi sobiq rahbari Azizbek Toshtemirovni firibgarlik uchun xalqaro qidiruvga bergani ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng prokuratura Koreyaga ishga yuborishda go‘yoki yordam berish evaziga pul yig‘ish bilan bog‘liq kamida 17 ta firibgarlik holati haqida ma’lumot berdi.


Avvalroq Spot Termizda mehnat migrantlari uchun yagona migratsiya markazi ochilgani haqida yozgandi.