Migratsiya agentligi sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovga xalqaro qidiruv e‘lon qilindi. Tegishli kartochka Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida paydo bo‘ldi.
E‘longa ko‘ra, Toshtemirov (1990-yilda tug‘ilgan) firibgarlikda ayblanmoqda. Ayblovlarning ta‘rifi so‘rayotgan tomon tomonidan taqdim etilgan shaklda keltirilgan.
Gazeta‘ning Migratsiya agentligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, Toshtemirov agentlikda (2024-yil oktabrgacha — Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi) Janubiy Koreya bo‘yicha vakolatxona rahbari lavozimida ishlagan. U 2025-yil mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan edi.
Avvalroq Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik noqonuniy sxema fosh etilgani haqida xabar bergan edi. Unda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklarining sobiq xodimlari ishtirok etdi.
Dastlabki tergovga qadar tekshiruv davomida ma‘lum bo‘lishicha, sxema ishtirokchilari 35 nafar o‘zbekistonlikdan jami $263,5 mingni noqonuniy yo‘llar bilan olgan. Keyin, tergov bosqichida, umumiy zarar $90 mlnga yetdi.
Departament jinoiy guruh a‘zolari rasmiy yig‘imlar bilan bir qatorda Koreyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolardan noqonuniy ravishda $7−12 ming undirganini aniqladi. Pul to‘lagan 600 dan ortiq fuqaro Koreyaga bormagan.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston Humans Group asoschisi Vladimir Dobrininni xalqaro qidiruvga bergani haqida yozgandi.