Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin ham xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi.

Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytidagi e’longa ko‘ra, O‘zbekiston Dobrininga nisbatan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) rasmiylashtirgan. Bu esa uni aniqlash va keyinchalik ekstraditsiya qilish maqsadida a’zo davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga vaqtinchalik hibsga olish bo‘yicha so‘rov yuborilganini anglatadi.

U “qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish”, shuningdek, “pul yuvish"da ayblanmoqda.

Shu bilan birga, ayblovlarning ta’rifi so‘rov yuborgan tomon taqdim etgan shaklda e’lon qilingani keltirilgan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 278-moddasiga muvofiq, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

O‘z navbatida, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda) 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

humans, jinoiy daromadlarni legallashtirish, qimor, tavakkalchilik, vladimir dobrinin, xalqaro qidiruv

2025-yil oktabr oyida Spot O‘zbekistonda Humans kompaniyasining sobiq top-menejeri qimor o‘yinlarini tashkil etgani uchun hibsga olingani haqida xabar bergan edi. PayWay to‘lov tashkilotining hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Behzod Botirov Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) so‘rovidan so‘ng qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida hibsga olindi.

ILMA tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik idoralarini tartibga solish va litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. 2026-yil mart oyi holatiga ko‘ra, bir qator noma’lum kompaniyalar tomonidan qiziqish bildirilganiga qaramay, mamlakatda lotereyalar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik idoralarini tashkil etish uchun birorta ham litsenziya berilmagan.

Avvalroq Spot O‘zmetkombinat sobiq rahbari Dilshod Ahmedovga xalqaro qidiruv e’lon qilingani haqida yozgan edi.