O‘zbekiston metallurgiya kombinatining sobiq rahbari Dilshod Ahmedovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi. Bu haqda Interpol saytidagi xabardan ma’lum bo‘ldi.
Ichki ishlar vazirligi Ahmedovga nisbatan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) rasmiylashtirgan. Bu uning Interpolga a’zo davlatlarda hibsga olinishi va keyinchalik O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishini nazarda tutadi.
Ahmedov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab) bilan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha gumonlanmoqda.
Dilshod Tursunqulovich Ahmedov 1972-yilda tug‘ilga. I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti bitiruvchisi. Moskvadagi “Skolkovo” boshqaruv maktabida tahsil olgan, O‘zbekiston va Rossiyada ishlab chiqarishni tashkil etish va sanoat korxonalari aktivlarini boshqarish bo‘yicha ish tajribasiga ega.
Ahmedov 2021-yil yanvaridan buyon O‘zmetkombinat boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari — ijrochi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi. 2024-yil yanvar oyida investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan. Bu lavozimda u boshqa vazifalar qatorida O‘zmetkombinat'ni rivojlantirishni ham nazorat qilgan.
2024-yil oktabr oyida Ahmedov Rashid Pirmatov o‘rniga O‘zmetkombinat bosh direktori lavozimini egalladi. 10 oydan so‘ng — 2025-yil avgust oyida u lavozimini tark etdi va Bahodir Abdullayev rahbar vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Avvalroq Spot Toshkentda 6,7 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.