Muammoli kreditlar bank tizimi uchun tahdidli darajada emas. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
Senator Nusratilla Pardaev banklar portfelidagi muammoli kreditlar hajmi 22 trln so‘mga yetgani iqtisodiyotga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy resurslarning bir qismini bank tizimida “muzlatib” qo‘yayotganini ta‘kidlab, regulyatorning bu boradagi pozitsiyasi bilan qiziqdi.
Timur Ishmetovning ta‘kidlashicha, muammoli kreditlar bank faoliyatining tabiiy qismi hisoblanadi va asosiy vazifa ularning darajasini boshqariladigan hamda xavfsiz chegarada saqlashdan iborat.
“Asosiy vazifa ularning darajasini boshqariladigan va xavfsiz chegarada saqlab qolish. Bu hech qachon yo‘q bo‘lmaydigan holat. Har qanday kredit tavakkalchilikka asoslangan faoliyat hisoblanadi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muammoli kreditlarni baholashda ularning mutlaq hajmidan ko‘ra, kredit portfelidagi ulushiga e‘tibor qaratish muhim. Hozirda ushbu ko‘rsatkich 3% atrofida bo‘lib, nisbatan past daraja hisoblanadi.
Shu bilan birga, Markaziy bank raisi bank tizimida ayrim muammolar ham mavjudligini tan oldi.
Jumladan, ayrim banklarda risklarni boshqarish mexanizmlarining samaradorligi bo‘yicha savollar mavjud, yirik korporativ kreditlarning yuqori konsentratsiyasi hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlaridagi zaifliklar muammoli kreditlar darajasiga ta‘sir ko‘rsatmoqda.
Ishmetovning qayd etishicha, mavjud holat kreditlash faoliyatini cheklaydigan yoki moliyaviy barqarorlikka tahdid soladigan darajada emas.
“Bank tizimida kapital va likvidlik darajalari, zaxiralar yetarli. Muammoli kreditlarning 80% zaxiralar bilan qoplangan”, — dedi Ishmetov.
Qayd etilishicha, Markaziy bank o‘tgan yildan buyon xalqaro ekspertlar va banklar bilan hamkorlikda risklarni boshqarish, ichki nazorat hamda ichki audit tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha uzoq muddatli dasturni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, regulyator tarkibida muammoli aktivlar bilan ishlash bo‘yicha alohida bo‘linma tashkil etilgan. U mavjud muammoli kreditlarni tahlil qilish bilan birga, iqtisodiyotdagi ehtimoliy xatarlarni oldindan aniqlash va banklarni ogohlantirish bilan shug‘ullanadi.
Markaziy bank imtiyozli kreditlarni ham to‘liq xatlovdan o‘tkazmoqda. Regulyator kelgusi yillarda ularning kredit portfelidagi ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish orqali bank aktivlari sifatini yaxshilashni rejalashtirmoqda.
Spot, avvalroq, Markaziy bank raisining O‘zbekistonda kreditlar qimmatligi haqidagi fikrlarini yozgandi.