Markaziy bank kreditlarni ma’muriy usulda arzonlashtirmaydi. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.

Senator Jamila Bobanazarova Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisobot muhokamasi chog‘ida kredit stavkalari masalasiga e’tibor qaratdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra jismoniy shaxslarga ajratilgan so‘mdagi kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23,6% ni tashkil etib, bu 2024-yilga nisbatan 0,9 foiz bandga pasaygan. Senatorning qayd etishicha, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar bilan taqqoslaganda kredit resurslarining real qiymati hanuz yuqori darajada qolmoqda.

“Markaziy bank kreditlarni arzonlashtirish va iqtisodiyotga moliyaviy resurslar yetib borishini kengaytirish bo‘yicha qanday qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘ryapti? Zero, hozir aholi ham, tadbirkorlar ham bevosita aynan kredit stavkasidagi ijobiy o‘zgarishlarni teranroq his qilishlari — bu ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi moliyaviy mexanizmning bitta ko‘rinishidir”, — deya savol berdi u.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, kredit stavkalari, birinchi navbatda, inflyatsiya darajasi, inflyatsion kutilmalar, resurslar qiymati va moliyaviy xatarlar ta’sirida shakllanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, banklar uchun resurslar qiymati, jumladan yuqori depozit stavkalari kredit foizlariga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq Markaziy bank ham depozit, ham kredit stavkalariga ma’muriy usullar orqali ta’sir o‘tkazishni maqsad qilmagan. Regulyator raisining fikricha, bu noto‘g‘ri chora bo‘lib, kreditlarning barqaror arzonlashuvini ta’minlashning eng asosiy yo‘li — inflyatsiyani pasaytirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishdir.

Ishmetovning qayd etishicha, so‘nggi yillarda inflyatsiyaning pasayishi, milliy valyutadagi depozitlar hajmining o‘sishi va bank tizimi resurs bazasining kengayishi kredit stavkalarini pasaytirish uchun zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, bu jarayon nisbatan sekinroq va bosqichma-bosqich kechadi.

“Biz inflyatsiyani pasaytirish bilan birga milliy valyutadagi jamg‘armalar ulushini ham oshirib boramiz. Umuman, [e'tiborimizni] bank tizimidagi transformatsiyani davom ettirish, moliya bozorida bank va nobank ishtirokchilari sonini kengaytirish, kapital bozorini rivojlantirish hamda moliya institutlari o‘rtasida raqobat muhitini oshirishga qaratamiz”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Shuningdek, Timur Ishmetov raqamlashtirish hamda risk-menejment tizimlarini takomillashtirish ham kredit stavkalarining pasayishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiya va depozitlar bo‘yicha nominal stavkalar pasayib borgani sari kredit resurslari stavkalarining ham kamayishini kuzatish mumkin bo‘ladi.

Avvalroq Spot Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov depozitlarning yuqori daromadliligi borasida izoh bergani haqida yozgan edi.