13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov depozitlarning yuqori daromadliligi borasida izoh berdi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisobot muhokamasi chog‘ida bank depozitlariga oid ko‘rsatkichlarga to‘xtaldi.
Unga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-iyun oylarida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari 21,8% ni tashkil etgan, yil yakuniga kelib esa bu 20,6% gacha pasaygan. Shunga qaramay, inflyatsion kutilmalarga nisbatan real stavkalar 9,1% darajada saqlanib, depozitlar hajmi sezilarli o‘sgan.
Shundan kelib chiqib, Mamatkarimov Markaziy bank kelgusida ham depozitlarning real daromadliligini ijobiy darajada saqlab qolish bo‘yicha qanday pul-kredit siyosatini amalga oshirishni rejalashtirayotgani hamda foiz stavkalari dinamikasini belgilashda qaysi asosiy makroiqtisodiy omillar ustuvor hisoblanishiga qiziqdi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, inflyatsion targetlash rejimi sharoitida depozitlarning real daromadliligi pul-kredit siyosatining eng muhim natijalaridan biri hisoblanadi.
Uning qayd etishicha, 2025-yilda aholi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha nominal stavkalari biroz pasaygan bo‘lsa-da, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning kamayishi hisobiga real daromadlilik yuqori darajada saqlanib qolgan. Natijada so‘mdagi depozitlar hajmi bir yilda 43% ga oshib, 330 trln so‘mga yetgan. Ishmetovga ko‘ra, bu jamg‘armalarning real daromadliligi yuqori bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi.
“Shu bilan birga, Markaziy bank depozitlar bo‘yicha stavkani targetlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan. Bizning maqsadimiz — inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish. Bunday sharoitda real stavkaning yuqori darajada saqlanib qolishi ushbu maqsadga erishishimizga yordam beradi”, — dedi u.
Regulyator raisining so‘zlariga ko‘ra, real foiz stavkalarining yuqori bo‘lishi aholini mablag‘larini iste’mol qilishdan ko‘ra ko‘proq jamg‘arishga undaydi. Bu esa iste’mol talabini cheklab, inflyatsion bosimlarning kuchayishining oldini olishga yordam beradi.
Uning qayd etishicha, amaldagi pul-kredit siyosati sharoitida depozitlar bo‘yicha yuqori real daromadlilikning saqlanib qolishi tabiiy holat bo‘lib, bu Markaziy bank manfaatlariga to‘g‘ri keladi.
“Kelgusida inflyatsiya pasayib, uzoq muddat barqaror past darajada saqlangach, depozitlarning ham foiz stavkalari tabiiy ravishda pasayishini kuzatishimiz kerak bo‘ladi”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.
Joriy yilning aprel oyida so‘mdagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 17,4% gacha tushib, 2022-yil qishidan buyon eng past darajani qayd etdi. Ayniqsa, bir yilgacha bo‘lgan depozitlar daromadliligi 15% gacha pasaydi. Jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha stavkalar 20% dan pastga tushgan.
Avvalroq Spot Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida yozgan edi.

