Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi, shuningdek, iqtisodiy faollikning yuqori surʼatlari saqlanib qolayotgani ushbu qarorga asos bo‘lgan.

2026-yil may oyida umumiy inflyatsiya 5,5% gacha, bazaviy inflyatsiya esa 5,7% gacha pasaydi. Markaziy bank bunga o‘tgan yili energiya tariflari oshirilishining birlamchi taʼsiri yakunlangani sabab bo‘lganini qayd etdi.

Shu bilan birga, xizmatlar inflyatsiyasi sekinlashgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasida tezlashish kuzatilgan.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari ham pasayishda davom etmoqda. May oyida aholining inflyatsion kutilmalari 10,1% gacha, tadbirkorlarniki esa 9,9% gacha tushdi. Moliya sohasi ekspertlarining uzoq muddatli kutilmalari 7,2% darajasida shakllangan.

Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, chakana savdo, xizmatlar sohasi, turizm va investitsiyalar hajmining yuqori o‘sishi iqtisodiyotda yalpi talabning barqarorligini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi oylarda byudjet xarajatlarining faollashuvi ham iqtisodiy faollik va talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Iyun oyidan energiya resurslari tariflarining oshirilishi inflyatsiyaga qisqa muddatli taʼsir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Tariflarning bevosita taʼsiridan tashqari, transport va ishlab chiqarish xarajatlari orqali yuzaga keladigan ikkilamchi omillar ham keyingi choraklarda inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin.

Shu bilan birga, qatʼiy pul-kredit sharoitlari jamg‘arish faolligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. May oyi yakunlariga ko‘ra, milliy valyutadagi muddatli omonatlar hajmi aholi segmentida 122 trln so‘mga, yuridik shaxslar segmentida esa 58 trln so‘mga yetgan.

Regulyator 2026-yil yakunida umumiy inflyatsiya 6,5% atrofida bo‘lishini, 2027-yil yakunida esa 5% maqsadli darajaga erishilishini prognoz qilmoqda.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani o‘rta muddatda 5% darajasiga pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.

Shuningdek, regulyator tashqi iqtisodiy sharoitlardagi noaniqliklar yuqoriligicha qolayotganini qayd etdi.

Xususan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat, energiya resurslari va logistika xarajatlarining oshishi, shuningdek, ayrim mamlakatlar markaziy banklarining qatʼiy pul-kredit siyosati tashqi moliyaviy resurslar qiymatining uzoqroq muddat yuqori shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Spot, avvalroq, Markaziy bank O‘zbekistonning JCHdagi ishtirokiga bag‘ishlangan tangalarni sotuvga chiqarishi haqida yozgandi.