1-avgustdan talabalar turar joyiga ariza qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Talabalar bugundan boshlab Yagona portal (my.gov.uz) orqali talabalar turar joyiga joylashish uchun elektron ariza yuborishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, avvalo imtiyoz va ustuvorlik huquqiga ega talabgorlar yotoqxonalarga joylashtiriladi. Shundan so‘ng qolgan o‘rinlar umumiy ro‘yxatdagi talabalar o‘rtasida navbat asosida taqsimlanadi. Bunda o‘rinlarning 55−65%i 1-kurs, 15−20%i 2-kurs, 20−25%i esa 3-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun ajratiladi.
Arizalar qabuli o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 2026/2027-o‘quv yili uchun OTMlarning 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar esa yakuniy qabul natijalari e’lon qilingach ariza topshirishi mumkin.
Shuningdek, bu yil talabalar uchun yangi qulaylik joriy etildi. Endilikda talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish kompozit (birlashtirilgan) xizmat orqali avtomatik amalga oshiriladi.
Ariza ma’qullanib, elektron shartnoma va yo‘llanma berilgach, talaba shartnomadagi to‘lovni amalga oshiradi. Shundan so‘ng vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish xizmati avtomatik ishga tushadi, tegishli to‘lov shakllantiriladi hamda to‘lov amalga oshirilgach, talabaning turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi qayd varag‘i taqdim etiladi. Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muddati shartnomada belgilangan davr davomida amal qiladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda stipendiya va ta’lim krediti ajratishni qayta ko‘rib chiqish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.