Avvalroq Spot Toshkentni 2026−2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingani haqida yozgan edi.
Prezident qarori shaharsozlik renovatsiyasi masalalarini ham nazarda tutadi. Toshkent Invest kompaniyasi tajriba tariqasida 2031-yilgacha renovatsiya hududidagi mulkdorlar uchun “kvartiralar banki"ni tashkil etishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur bankdagi xonadonlar kompensatsiya sifatida yoki fuqarolar yangi uyga ko‘chib o‘tguniga qadar vaqtinchalik ijara uchun taqdim etiladi. Bunday uy-joylarni qayta taqsimlash tartibi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Kompaniyaga “kvartiralar banki"ni shakllantirishda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan foydalanishga ruxsat etiladi. “Banki"ni tashkil etishda turar va noturar joylar “taklif so‘rovi” orqali xarid qilinadi.
Renovatsiya amalga oshiriladigan hududlardagi davlat mulki hisoblangan ko‘chmas mulklar utilizatsiya qiymati bo‘yicha Tashkent Invest tasarrufiga o‘tkaziladi. Davlat korxonalariga tegishli ko‘chmas mulklar esa mustaqil baholovchi belgilagan narxda kompaniyaga 3 yil muddatli bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Bundan tashqari, renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan hududdagi davlat ko‘chmas mulk obyektlari Toshkent Invest ustav kapitaliga utilizatsiya qiymatida o‘tkaziladi. Davlat korxonalarining ko‘chmas mulklari kompaniyaga mustaqil baholovchi tomonidan belgilangan narxda 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Shuningdek, Toshkent Invest renovatsiya doirasida qurilgan va rekonstruksiya qilingan obyektlarni onlayn auksionlar orqali sotishi mumkin. Tayyor biznes obyektlarini qurish-montaj ishlari uchun pudratchilar belgilangan tartibda tanlab olinadi.
Avvalroq Spot Yangi Toshkentga ilk aholi 2027-yildan ko‘chib kela boshlashi mumkinligi haqida yozgan edi.