Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Yangi Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Yangi Toshkent direksiyasi direktori maslahatchisi Saidazim Sharipov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida hududda 2024-yilda boshlangan qurilishlar bugunga kelib faol bosqichga o‘tganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkent uchun ajratilgan umumiy hudud 20 ming gektarni tashkil etadi. Hozirda loyihaning birinchi bosqichi doirasida 6 ming gektar maydonda qurilish ishlari olib borilmoqda. O‘tgan ikki yil ichida esa hududning asosiy qismida qurilish ishlari amalga oshirildi.

Dastlab yerosti infratuzilmasi barpo etilgan bo‘lsa, hozir Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binolari qurilishi yakunlanish arafasida.

Sharipovning ta’kidlashicha, prezident Yangi Toshkentga muntazam tashrif buyurib, qurilish jarayonlarini nazorat qilib bormoqda. Davlat rahbari, avvalo, binolardan foydalanadigan fuqarolar uchun qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Shuningdek, Yangi Toshkent direksiyasi direktori maslahatchisi qurilayotgan shaharga ilk aholi 2027-yildayoq ko‘chib kelishi mumkinligini ma’lum qildi.

“Keyingi yildan turar joylarimizga aholi kelib yashashni boshlay oladi”, — dedi u.

Bundan tashqari, 2027-yilda futbol musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan stadion qurilishi ham faol davom etmoqda va uni kelgusi yil foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlariga ta’sir qilishi mumkinligi haqida yozgandi.