2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga tijorat maqsadida tashrif buyurgan xorijliklar soni biroz oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlarida keltirilgan.
Yanvar-iyun oylarida mamlakatga savdo qilish uchun 228,6 ming nafar chet el fuqarosi kelgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 5 ming nafarga yoki 2,2% ga ko‘p.
Mamlakatlar kesimida eng ko‘p tashrif buyuruvchilar yana Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri keldi — 205 937 nafar. Biroq tashriflar soni 0,7% ga kamaygan. Shu bilan birga, ular jami ko‘rsatkichning 90%ini tashkil etadi.
Turkmaniston Tojikistonni ortda qoldirib, ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi: yarim yilda ushbu mamlakatdan kelganlar soni 1 642 nafardan 16 322 nafarga ko‘tarildi va deyarli 10 baravar oshdi.
O‘sish 2025-yilning noyabr oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi Shovot (Xorazm viloyati) — Toshhovuz (Toshhovuz viloyati) chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi bilan izohlanishi mumkin.
O‘z navbatida, Tojikistondan tashrif buyurganlar soni 64% ga — 12 244 nafardan 4 320 nafarga kamaydi. Shuningdek, Qirg‘izistondan 628 nafar, Qozog‘istondan 311 nafar (+21%), Rossiyadan 230 nafar (-49%) va Turkiyadan 188 nafar (-31%) xorijlik tijorat uchun kelgan.
Yana 679 nafar tashrif buyuruvchi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu ko‘rsatkich ham 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan 42% dan ko‘proqqa qisqargan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ikki baravarga oshirishi haqida yozgan edi.