O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini deyarli ikki barobar oshirmoqchi, deb xabar qildi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.

24-iyul kuni Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Oqtau shahrida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 23-yig‘ilishini o‘tkazdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $4,8 mlrdni tashkil etdi, 2026-yilning dastlabki besh oyida esa 37% ga oshib, $2,3 mlrdga yetdi. Hukumat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini $10 mlrdga yetkazish maqsadini tasdiqladi. Buning uchun umumiy qiymati $7,8 mlrd bo‘lgan investitsiya va savdo loyihalari yo‘l xaritasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Sanoat sohasida Qozog‘iston va O‘zbekiston qiymati $1,8 mlrddan ortiq bo‘lgan 80 ta qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda. $227 mlnlik 15 ta loyiha ishga tushirilib, 5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan, $102 mlnlik yana oltita loyiha faol amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, qariyb $1,5 mlrdlik 59 ta yangi tashabbus ishlab chiqilmoqda

Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi temir yo‘l tashuvlari hajmi 16% ga oshib, 32,3 mln tonnaga yetdi.

Tomonlar temir yo‘l yo‘laklarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 35 mln tonnadan 60 mln tonnaga oshirish bo‘yicha qo‘shma rejani amalga oshirmoqda va chegaraoldi temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, qo‘shimcha o‘tkazish punktlarini ochish niyatida.

Bundan tashqari, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari tashabbusi bilan tashkil etilgan Hududlar rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishida tomonlar chegaraoldi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegarasining umumiy uzunligi qariyb 2,3 ming kilometrni tashkil etadi.

Bosh vazirlar “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Kengash yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat hududlari o‘rtasida memorandumlar, shuningdek, 80 mlrd tengedan ortiq (rasmiy kurs bo‘yicha 2 trln so‘mdan ortiq) tijorat shartnomalari imzolandi.

Tomonlarning fikricha, erishilgan kelishuvlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, chegaraoldi hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyo iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi ikkita chegara punkti xalqaro maqomga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.