30-iyul kuni energetika vaziri Sherzod Xodjayev Yangiyo‘l tumanida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda elektr va gaz ta’minoti, tarmoqlardagi uzilishlar, yoz oylarida elektr quvvati va qish mavsumida gaz bosimining yetishmasligi, elektr va gaz tarmoqlariga ulanishda texnik shart olish, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlik hamda boshqa masalalar bo‘yicha tumandagi 27 nafar tadbirkorning murojaatlari tinglandi.

Uchrashuv davomida ayrim masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Vazir noqonuniy foydalanish uchun qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish Energetika vazirligi vakolatiga kirmasligini, bunday masalalar sud tartibida ko‘rib chiqilishini qayd etdi.

Shuningdek, elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali rasmiylashtirilishi, bu masalalarni norasmiy yo‘l bilan hal qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

“Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, siz Elektr tarmoqlari’dan iltimos qilmang, talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor”, — dedi Sherzod Xodjayev tadbirkorlarga.

Bundan tashqari, tizim xodimlari tomonidan manfaat evaziga noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘lsa, bu haqda tegishli organlarga yoki Energetika vazirligiga murojaat qilish so‘raldi. Bunday holatlarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Ochiq muloqotlar davom ettirilishi ma’lum qilindi. Hozirda Yangiyo‘l tumani va yana 14 ta hududda maxsus shtablar faoliyati davom etmoqda.

Spot, avvalroq, energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish tezlashtirilishi haqida yozgandi.