Energetika vazirligi elektr va gaz ta‘minoti holatini tahlil qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida respublikaning 15 ta hududida maxsus shtablar tashkil etilganini ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, shtablarga energetika tizimi tashkilotlari rahbarlari rahbar etib biriktirilgan, tuman hokimlari esa ularning o‘rinbosari etib belgilangan.

Ular elektr va gaz ta‘minoti holatini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda iste‘molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Maxsus shtablarga quyidagi rahbarlar biriktirilgan:

  • Andijon tumani — Energetika vaziri maslahatchisi Dadajon Isakulov;
  • Davlatobod tumani — O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov;
  • Denov tumani — O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Bexzod Sobirov;
  • Farg‘ona tumani — Hududgazta‘minot boshqaruvi raisi Marufxon Xodjayev;
  • Koson tumani — O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Xurshidjon Eshqo‘ziyev;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani — Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov;
  • Qo‘shtepa tumani — O‘zenergosotish boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov;
  • Sirdaryo tumani — Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi raisi Bahodir Jo‘rayev;
  • To‘rtko‘l tumani — Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ozod Axunov;
  • Urganch tumani — Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Islomov;
  • Urgut tumani — Hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Sardor Isakulov;
  • Xatirchi tumani — Energetika vaziri o‘rinbosari Umarjon Egamberdiyev;
  • Yangiyo‘l tumani — Energetika vaziri Sherzod Xodjayev;
  • G‘ijduvon tumani — O‘ztransgaz boshqaruvi raisi Askar Isakov;
  • Sharof Rashidov tumani — O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i Axad Isoqjonov.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu hududlar elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorlik yuqoriligi, energiya yo‘qotishlarining ko‘pligi, tarmoqlarning eskirgani, shuningdek, bu boradagi murojaatlar soni ko‘pligi hisobga olingan holda tanlangan.

Elektr va gaz ta‘minoti yuzasidan murojaat va takliflari bor fuqarolar mazkur tuman hokimliklarida tashkil etilgan shtablarga murojaat qilishi mumkin.

Spot, avvalroq, energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish tezlashtirilishi haqida yozgandi.