Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida yozgan edi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rniga tayinlangan yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident videoselektor yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha vazirlik oldiga aniq vazifalar qo‘yganini aytdi.
“Tizim xodimlari 90% vaqtini pastda o‘tkazishi kerak, ya’ni mahallalarda, hududlardagi infratuzilma obyektlarida”, — dedi u.
Xo‘jayevning aytishicha, Energetika vazirligi uch oy ichida infratuzilmani rivojlantirish va aholini ishonchli energiya bilan ta’minlash uchun zarur hisob-kitoblarni amalga oshirishi, shundan so‘ng tizimni takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori loyihasini kiritishi kerak.
Davlat rahbari sohada bozor mexanizmlarini joriy etishni tezlashtirish, mahsulotlarni yetkazib berish, suyultirilgan gazdan boshlab raqobat mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Gap nafaqat aqlli hisoblagichlarni joriy etish va billing tizimlarini takomillashtirish haqida, balki vazifalarni belgilash va hisobot berishdan tortib, har bir xodimning ish samaradorligini baholashgacha bo‘lgan xodimlarni boshqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish haqida ham bormoqda.
Islohotlarning yana bir yo‘nalishi kadrlar tayyorlash bo‘ladi. Vazirning qayd etishicha, energetika yo‘nalishidagi barcha talabalarni oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda dual ta’lim tizimi bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bittadan texnikumlarda Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida qo‘llanilayotgan model joriy etiladi: xorijiy investorlar tomonidan zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv poligonlari tashkil etiladi, ta’lim dasturlari xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.
“Umuman, tizimda juda katta o‘zgarishlar bo‘lishi shartligi va bu o‘zgarishlarning natijasi sifatida iqtisodiyotga energetika tizimining qo‘shayotgan ulushining ortishi hamda aholi kayfiyatining ko‘tarilishi deb belgilandi”, — deya xulosa qildi yangi energetika vaziri.
Avvalroq Spot energetika tizimidagi 106 ming xodim faoliyati KPI asosida baholanishi haqida yozgan edi.