Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida yozgan edi.

Yangiyo‘l misolidagi tizim respublikadagi barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi. Energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng og‘ir bittadan tumanga biriktiriladi.

Ular hokimlar bilan birgalikda yil yakunigacha o‘ziga biriktirilgan hududda yangi ish tizimini yo‘lga qo‘yadi. Islohotlar shtabi, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, tarmoq va bank rahbarlari ham hududlarga chiqadi.

Aholi va tadbirkorlarning elektr va gaz bilan bog‘liq masalalari o‘rganilib, mas‘ullarga yil yakunigacha va kelasi yilda amalga oshiradigan ishlari aniq ko‘rsatiladi. Mazkur ishlar uchun mablag‘ manbalari ham belgilab beriladi.

Elektr va gaz hisobini yuritish, tarmoqdagi yo‘qotishlar va debitor qarzdorlikni keskin kamaytirish imkoniyatlari joyida ko‘rsatib beriladi.

Davlat rahbari viloyat va tumanlardagi elektr hamda gaz ta‘minoti rahbarlarining “ko‘zini ochish”, ularni natija uchun ishlash uchun mas‘uliyatini oshirish zarurligini ta‘kidladi.

Bugungi kunda Hududiy elektr tarmoqlarida 25 ming, Hududgazda 16 ming xodim ishlaydi. Lekin xodimlar ishini boshqarish raqamlashmagani sababli kun davomida kim nima bilan bandligini na elektr tarmog‘i, na gaz ta‘minoti rahbari bilishi aytib o‘tildi.

Shu bois, mehnat unumdorligi boshqa davlatlardan 1,5−2 barobar past, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3−4 barobar ko‘p.

Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun‘iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi.

Markaz ishlab chiqarish — uzatish — taqsimlash — yetkazish zanjiri, ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta‘minotini “stress-audit"dan o‘tkazadi. Shu asosda sohani rivojlantirishning bir nechta ssenariysi ishlab chiqiladi.

Har bir xodimning kunlik ishini raqamli algoritm orqali boshqaradigan tizim yaratiladi. ASKUE va ASKUG ma‘lumotlari sun‘iy intellekt orqali tahlil qilinib, shubhali o‘zgarishlarni aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.

Tizimdagi 106 ming xodim uchun 10 ta asosiy KPI belgilanadi. Unda avariyaviy va rejali o‘chishlar, yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi va ta‘mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon bo‘ladi.

Spot, avvalroq, suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektor jalb etilishi, bu Andijondan boshlanishi haqida yozgandi.