2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar deyarli ikki baravar ko‘p soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan soliq tushumlari 84% ga — 78,2 mlrd so‘mdan 143,8 mlrd so‘mga oshdi. Shu bilan birga, ko‘rsatilgan elektron xizmatlar hajmi ham qariyb 83% ga — 656,8 mlrd so‘mdan 1,2 trln so‘mga yetdi.
Soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy raqamli xizmatlar soni ham 25 taga ko‘paygan. Agar 2025-yil 1-iyul holatiga ularning soni 72 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib 97 taga yetgan.
Elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar orasida eng yirik soliq to‘lovchilar Apple (33,6 mlrd so‘m), Google (33,3 mlrd so‘m), Meta (29,9 mlrd so‘m), Valve Corp. (15,8 mlrd so‘m), Anthropic (6,3 mlrd so‘m), OpenAI (5,6 mlrd so‘m), Midasbuy (2,9 mlrd so‘m), Booking.com (2,6 mlrd so‘m), TikTok (1,6 mlrd so‘m) va Anysphere (1,5 mlrd so‘m) bo‘ldi.
Bir yil ichida eng yirik soliq to‘lovchilar o‘ntaligi ham sezilarli o‘zgardi. Reytingga Valve Corp., Anthropic, Midasbuy va Anysphere kirgan bo‘lsa, Netflix, ACCA, Zoom hamda Adobe top-10 likdan chiqib ketdi.
O‘tgan yilgi reytingda ham bo‘lgan kompaniyalar orasida soliq to‘lovlari bo‘yicha eng katta o‘sishni OpenAI qayd etdi — ko‘rsatkich 2,9 mlrd so‘mdan 5,6 mlrd so‘mga oshdi.
Google to‘lagan soliqlar 19,4 mlrd so‘mdan 33,3 mlrd so‘mga (71%), Apple’niki 22,1 mlrd so‘mdan 33,6 mlrd so‘mga (52%), Meta’niki esa 22,6 mlrd so‘mdan 29,9 mlrd so‘mga (28%) ko‘paydi.
Ayni paytda, o‘tgan yilgi top-10 ro‘yxatida bo‘lgan kompaniyalar orasida faqat TikTok’ning soliq to‘lovlari biroz kamaydi — 1,8 mlrd so‘mdan 1,7 mlrd so‘mga.
Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari o‘tgan chorakdan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay soliq hisobotlarini taqdim etishi va soliqlarni to‘lashi shart.
Avvalroq Spot Apple 28-iyuldan qurilmalarni ijaraga berish dasturini ishga tushirgani haqida yozgan edi.
