Apple AQSHda 28-iyuldan Apple Upgrade nomli yangi qurilmalarni ijaraga berish (lease-to-own) dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg.
Unga ko‘ra, kompaniya ushbu loyiha orqali qurilmalar savdosini rag‘batlantirish va xaridorlar uchun yangi moliyalashtirish usulini taklif etmoqchi.
Yangi dastur Klarna moliyaviy texnologiyalar kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlaydi va iPhone, iPad, Mac hamda Apple Watch modellarining aksariyatini qamrab oladi.
Foydalanuvchilar qurilma uchun har oy to‘lov qiladi, istasa muddat tugashidan oldin uni to‘liq sotib olishi, yangi modelga almashtirishi yoki ijara muddati yakunida o‘zida qoldirishi mumkin.
Apple yangi xizmatni amaldagi moliyalashtirish dasturlariga qaraganda oylik to‘lovlari pastroq bo‘lgan variant sifatida taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Shu maqsadda kompaniya mavjud iPhone Upgrade Program va standart bo‘lib to‘lash dasturlariga yangi mijozlarni qabul qilishni to‘xtatadi.
Biroq yangi tizim avvalgisidan ayrim jihatlari bilan farq qiladi. Xususan, unga AppleCare kafolat xizmati kiritilmaydi.
Shuningdek, Apple Watch SE, boshlang‘ich darajadagi iPad, iPhone 16 va MacBook Neo modellari dasturga qo‘shilmaydi. Korporativ va ta’lim muassasalari xaridlari ham ushbu taklifdan foydalana olmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone va Apple Watch uchun ijara muddati 24 oy, Mac va iPad uchun esa 36 oy etib belgilanadi. Dasturdan foydalanish uchun mijozlar soddalashtirilgan kredit tekshiruvidan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Bloombergning ta’kidlashicha, Apple bu qarorni so‘nggi paytlarda xotira va saqlash chiplarining qimmatlashuvi sabab ko‘plab mahsulotlari narxini oshirganidan keyin qabul qilgan.
Kompaniya qurilmalarni bir yo‘la sotib olish o‘rniga oylik to‘lov modeli orqali xaridorlar uchun xaridni qulayroq qilishni ko‘zlamoqda. Apple va Klarna hozircha ushbu ma’lumotlarga rasman izoh bermagan.
Avvalroq Spot Apple iPhone 20 Pro Max uchun 7 dyuymli ekranni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.